Taraqqiyot odimlariga boqib, bularning barchasini inson qilgani va uning tafakkuri hali bundan-da aqlni shoshiruvchi ixtirolar kashf qila olishiga inonasan. Dunyo mamlakatlari buni ilmiy hamjamiyatning soha va tarmoqlardagi ishtiroki bilan izohlaydi. Bizda ham shunday bo‘lishi joiz. Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonovning “Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universiteti ilmiy hamjamiyati vakillari bilan tashkil etilgan muloqoti ayni fikrlardan boshlandi.
Ochiq muloqotda Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov so‘z olib, ushbu dargoh erishayotgan yutuqlarga mahliyo bo‘lib qolmasdan, yangi marralarni ko‘zlashi lozimligini ta’kidladi. Jumladan, ushbu universitet va Toshkent davlat agrar universitetda kadrlar tayyorlash bo‘yicha uzviy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, ilmiy tadqiqot institutlari bilan transformatsiyani amalga oshirish, zamon talabiga mos yo‘nalishlarni olib kirish lozimligini ham e’tirof etdi. Vazir I.Abdurahmonov universitet bilan birgalikda uch oylik yirik loyiha dasturini ishlab chiqish, uni amalga oshirish taklifini bildirdi.
Yurtda kun sayin tadbirkorlik, omilkorlik rivoj topib bormoqda. Ammo bunda olimlarning ishlanma va ixtirolariga keng yo‘l berilgani ortidan deya olmaymiz. Bu ham haqiqat. Laboratoriya va tajriba maydonlarida yaralayotgan g‘oyalar hisobot qog‘ozlarida qolib ketmasligi kerak. Katta mablag‘ va ishonch evaziga bajarilayotgan yumush alaloqibat dehqon va fermerga dastak bo‘lishi joiz. Ixtiro va ishlanmalar amaliyotga ko‘chishi shart. Aytarsiz, tajribalar bor-ku deb. Ammo uni qo‘llovchi, dehqonga yetib borish masalasi-chi? Urug‘ ham bor, ko‘chat ham, mexanizatsiyalash uchun g‘oyalar ham. Lekin ular katta ko‘lamdagi maydonlarda joriy etish uchun emas. Mana shu jihatiga katta e’tibor berish kerak.
Qishloq xo‘jaligi yer sayyorasining qay joyiga qaramang, faqat ilm-fan bilan uyg‘un bo‘lsagina rivoj topgan. Misollarga murojaat qilamiz: Xitoyda paxta hosildorligini karrasiga oshirish va uni yetishtirishdagi xarajatlarni maqbullashtirish uchun “Qishloq tajribasi-mamlakatga” tamoyili qo‘llanilgan. Shinjon provinsiyasi tumanlaridan biri tanlab olinib, shu yerda texnologiya va fan yutuqlari natijasida paxta yetishtirib ko‘rilgan. Tajriba bir necha yil davomida qo‘llanilgan. Samara kutganidan ortiq bo‘lgach, butun mamlakat bo‘ylab shu usulni o‘zlashtirishga kirishilgan. Bilganingiz, Xitoy paxtachilikda sentneridan hosil olish va uning sifati bo‘yicha yetakchilar safidan o‘rin oldi. Ayni usulni nega o‘zimizda qo‘llay bilmaymiz? Boisi, olimlar va yetishtiruvchilar o‘rtasida amaliy muloqot va ishonch ko‘prigi mavjud emas. Ilmiy hamjamiyat transformatsiyasi kechayotgan ayni davrda O‘zbekiston qishloq xo‘jalik tarmoqlarini har tomonlama ilmiy hamjamiyat bilan hamkorligini kuchaytirish kun tartibining asosi bo‘lishi lozim. Shunda texnologiya, ishlanma va g‘oyalar qog‘ozdan dalaga ko‘chadi. Naf beradi, yutuq ham shunga monand bo‘lishi rost gap.
Uchrashuvda shuningdek, bugun qishloq xo‘jaligida soha mutaxassislariga bo‘lgan talabning yuqoriligi, aksar fermer hamda klaster egalari esa xorijdan mutaxassislarni olib kelayotganini aytib o‘tdi. Agarki, hamkorlikda yirik loyiha muvaffaqiyatli amalga oshirilsa, kelgusida uni yanada kengroq maydonlarda yo‘lga qo‘yish, klaster egalari, fermer hamda dehqon xo‘jaliklari esa ushbu loyihada ishtirok etishi, loyihani tatbiq etishda esa universitet olimlari va talabalari bevosita qatnashishi mumkin bo‘ladi. Loyihaning natijasi esa kam mehnat, minimum sarf-xarajat orqali yuqori hosildorlikda o‘z aksini topadi. Bu esa, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, sohada aerokosmik texnologiyalardan hamda aqlli qishloq xo‘jaligini keng qo‘llash orqali yuqori samaradorlikka erishishga zamin yaratadi.
Muloqotda universitetning EcoGIS markazi rahbari, professor Alim Po‘latov, universitetning xalqaro hamkorlik masalalari bo‘yicha prorektori, texnika fanlari doktori, professor Abdulhakim Salohiddinov hamda Umumtexnik fanlar kafedrasi mudiri Hasan Turkmenovlar oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, sohada aerokosmik texnologiyalardan hamda aqlli qishloq xo‘jaligini keng qo‘llash, tomorqa egalarining yerlarini raqamlashtirish lozimligi takliflarini o‘rtaga tashladi.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: