Mamlakatimizda qorakoʻlchilik tarmogʻida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish orqali naslchilik ishlarini takomillashtirish, sifatli qorakoʻl teri yetishtirish, choʻl-ozuqabop ekinlar maydonlarini kengaytirish va yaylovlar hosildorligini oshirish borasida koʻplab ijobiy ishlar amalga oshirib kelinmoqda.
Jumladan, Qishloq xoʻjaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonovning hududlarda qishloq xoʻjaligi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar va ularning natijadorligi bilan tanishish maqsadida Samarqand viloyatiga amalga oshirilayotgan tashrifning ilk manzili sifatida Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qoʻmitasi Qorakoʻlchilik va choʻl ekologiyasi ilmiy-tadqiqot institutining tanlangani ham bejiz emas.
Vazir institut faoliyati bilan tanishar ekan, birinchi navbatda institut bugungi kunda qanday ishlarni amalga oshirayotgani, tadqiqotlar koʻlami, ilmiy salohiyat masalasi, Oʻzbekiston sharoitida aynan qorakoʻlchilikni rivojlantirish masalalari, uning seleksiya masalasi qay darajada ekani bilan qiziqdi.
Aytish kerak, bugun mazkur muassasada ilmiy munosabatlar yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, bu yerda olim, fan doktori, professorlar chorvachilikni rivojlantirish boʻyicha ish olib boradilar. Bugun oʻzbek brendini tanitishda ham aynan qorakoʻlchilik targʻibotiga jiddiy yondashish zarur.
Maʼlumot oʻrnida, mamlakatimizning 7 hududida 36 ta qorakoʻlchilikda nasl olish bilan shugʻullanadigan korxona mavjud.
Shuningdek, aynan choʻl hududlarida yetishtirilayotgan oʻsimliklar va uning qorakoʻlchilikni rivojlantirishdagi oʻrni va ahamiyati xususida soʻz yuritildi. Albatta bu borada ilmiy izlanishlar mavjud lekin tadqiqotchilar aynan institutning oʻziga bogʻlanib qolishgan. Ularni mamlakatimiz choʻl hududlariga kerak boʻlsa, Afrika mamlakatlariga ekspeditsiya uyushtirish lozimligi qayd etildi.
Yana bir jihati choʻl hududida yetishtirilayotgan oʻsimliklarning aynan qancha qismi oʻrganilmay qolayotgani, bu esa, choʻl ekologiyasi va shu bilan birgalikda qorakoʻlchilik rivojida ham biroz boʻlsada toʻsiq boʻlayotgani qayd etildi.
Mamlakatimizda kun sayin tadbirkorlik va omilkorlik rivoj topib bormoqda. Ammo bu kabi yutuqlar olimlarning ishlanma va ixtirolariga keng yo‘l berilgani ortidan deya olmaymiz. Bu ham haqiqat. Laboratoriya va tajriba maydonlarida yaralayotgan g‘oyalar hisobot qog‘ozlarida qolib ketmasligi kerak. Katta mablag‘ va ishonch evaziga bajarilayotgan yumush alaloqibat dehqon va fermerga dastak bo‘lishi joiz. Ixtiro va ishlanmalar amaliyotga ko‘chishi shart.
Vazir I.Abdurahmonov ayni jihatlarga e’tibor qaratar ekan, bugun institut rahbarlarida ilmiy-tadqiqot va oʻquv seminarlarini tashkil etish borasida yetarlicha tashabbus koʻrinmayotgani, Ilmiy-tadqiqot institutlari, vazirliklar, rivojlanish sohasidagi tashkilotlar va loyihalarni boshqarish ofislarining turli mutaxassislari qatnashgan seminarda strategik rejalashtirish va boshqaruv salohiyatini mustahkamlash, natijaga yo‘naltirilgan ilmiy tadqiqot yondashuvlarini rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi sohasida ilg‘or ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, shuningdek, sohadagi mahalliy ilmiy-tadqiqot yo‘nalishlariga global g‘oyalarni integratsiyalash uchun milliy va xalqaro tadqiqot hamkorlikni yo‘lga qo‘yish zarurligini qayd etdi.
Shu jihatdan ushbu taʼlim muassasasidagi konsepsiyani qaytadan koʻrib chiqish, rahbardan tortib oddiy mutaxassisgacha qanday ish bajaryapti, oʻz vazifasi nimadan iboratligi, qorakoʻlchilik va choʻl ekologiyasini rivojlantirish borasida qilishi zarur boʻlgan islohotlar boʻyicha aniq taklifini berdi.
Bugun olimlar aynan ilmiy tajribalarining asosi nimaga qaratilgani bu boʻyicha ilmiy izlanish va ilmiy ishlanmalarning eʼlon qilinishi sust yoʻlga qoʻyilgan. Axir bu kabi yangiliklardan soha mutasaddilari va bunga manfaatdor boʻlganlar teng urushda oʻz tashabbuslari bilan ishtirok etmasalar, bu yoʻnalishni qanday rivojlantirish mumkin degan haqli savol tugʻildi. Avvalo, hududni obodonlashtirish, mavjud imkoniyatlardan oqilona foydalanish va shu orqali tadqiqot ishlariga koʻmak beruvchi manbalar ishga solinishi zarurligi borasida ham qator fikrlar oʻrtaga tashlandi.
Albatta, qishloq xo‘jaligi yer sayyorasining qay bir hududiga qaramang, faqat ilm-fan bilan uyg‘un bo‘lsagina rivoj topgan. O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi tarmoqlarini har tomonlama ilmiy hamjamiyat bilan hamkorligini kuchaytirish kun tartibining asosi bo‘lishi lozim.
Asosiy maqsad esa, qishloq xo‘jaligi tarmog‘ining barqarorligi va mahsuldorligini oshirish uchun sohadagi ilmiy-tadqiqotlar milliy dasturiga muvofiq holda ilmiy-tadqiqot institutlarining natijaga yo‘naltirilgan boshqaruv salohiyatini oshirishdir.
Zero, qishloq xo‘jaligida izlanish olib boruvchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning ilmiy ishlanmalarini sohaga keng tatbiq etish orqali muammolarga yechim topish mumkin.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: