Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov rahbarligida qishloq xo‘jaligi sohasiga yangi investitsiyalarni jalb etish, loyihalarni jadallashtirish, agrar sohada xalqaro shartnomalarning samaradorligini ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Unda vazir o‘rinbosarlari, departament va boshqarma boshliqlari, tizim tashkilotlari rahbarlari va mutasaddi xodimlar ishtirok etdi.
Yig‘ilishda agrar sohada erishilgan kelishuvlar va loyihalar samaradorligini oshirish, bu boradagi hamkor tashkilotlar bilan samarali ishlash mexanizmini yo‘lga qo‘yish, xususan, qishloq xo‘jaligida ish jarayoni sekinlashib qolgan mavjud xorijiy investitsiya loyihalarining muammolarini aniqlash va loyihani qayta ko‘rib chiqish hamda ularga ijobiy yechim topish bo‘yicha samarali chora ko‘rish masalasi muhokama qilindi.
Bugun qishloq xo‘jaligidagi rivojlanish tamoyillari o‘zgargani rost. O‘zbekistonda agrar sohani isloh qilish, unga bozor mexanizmlari va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Dunyo amaliyoti ham ayni usul samaradorligini isbotlab bo‘lgan. Tashkil etilgan yig‘ilishda ham ayni shu masalalar xususida so‘z yuritildi.
Vazir I.Abdurahmonov o‘z navbatida qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan ishlarni alohida qayd etar ekan, bunda eng avvalo xalqaro eksport salohiyatini oshirish, agro iqtisodiyotni takomillashtirish hamda Xitoy, Qozog‘iston, Tojikiston va boshqa davlatlar bilan birgalikda amalga oshirilayotgan maqsadli investitsion loyihalarni joriy yilning 1-mart sanasiga qadar ijobiy hal etish yuzasidan bir qator mas’ul rahbar-xodimlarga tegishli topshiriqlar berdi.
Chunonchi, qishloq xo‘jaligi sohasi dunyoda ko‘p tarmoqli sohalardan biri ekani, O‘zbekistonda hali qishloq xo‘jaligi sohasi to‘liq ishga tushirilmaganligi, bu borada xorijiy mamlakatlar bilan manfaatli bo‘lgan istiqbolli kelishuvlarga erishish va tez fursatlarda mamlakatimizga tatbiq etish muhim vazifalardan biri ekanini aytib o‘tdi.
Tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishda xorijiy davlat bilan amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari va savdo shartnomalari ijrosini jadallashtirish, jumladan, davlat Rahbarining Xitoyga amalga oshirgan davlat tashrifi bo‘yicha erishilgan kelishuvlar ijrosini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish yuzasidan ishchi guruh tashkil etish, bunda har bir departament va boshqarma boshliqlari mas’uliyatni his etgan holda ishni to‘g‘ri va ratsional tashkil etishi natijasi yuzasidan hisobdorlikni amalga oshirish yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.
Shu bilan birga, barcha mas’ullar ish tartibini shunday mas’uliyat bilan tuzishi kerakki, unda har bir hamkor davlat hamda undagi kompaniyalar tomonidan erishilgan kelishuvlarning doimiy monitoringi bo‘lishi lozimligi qayd etildi.
Shuningdek, majmuaviy boshqarmalar bilan hamkorlikda ish tashkil etishga mas’ul rahbar ayni jarayonga bevosita javobgar hamda natija ko‘rsatishga mas’ul etib belgilandi.
Zero, mazkur vazifalarning samarali amalga oshirilishi, shubhasiz, respublikaning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi va zamonaviy taraqqiyotning yangi qirralarini o‘zlashtirishga xizmat qiladi.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: