Bugun Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov rahbarligida sohani rivojlantirish bo‘yicha hududlardagi birinchi galda amalga oshirilishi lozim dolzarb vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Videokonfrensaloqa shaklida tashkil etilgan yig‘ilishda vazir o‘rinbosarlari, departament va boshqarma boshliqlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vazirligi, viloyat hokimlarining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari, viloyat hududiy boshqarma boshliqlari hamda tizim tashkiloti rahbarlari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda 4 ta asosiy masala ko‘rib chiqildi:
· 2024-yil hosili uchun ekilgan g‘alla parvarishi;
· 2024-yil paxta hosili uchun chigit ekish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish;
· bahorgi ekin ekish mavsumida qatnashadigan qishloq xo‘jaligi texnikalarini ta’mirlash;
· mineral o‘g‘itlar zaxirasini yaratish hamda o‘simliklarni himoya qilish bo‘yicha bajariladigan vazifalar, 2023-yil natijalari hamda 2024-yildagi ustuvor vazifalar xususida so‘z yuritildi.
Jumladan, 2024-yilda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, jumladan, hosildorlikni paxtada 50 sentnerga, g‘allada 100 sentnerga oshirish bo‘yicha ilmiy asoslangan agrotexnologiyalarni amalga oshirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash masalalari muhokama markazida bo‘ldi.
Shuningdek, o‘tgan davr mobaynida Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan global vaziyatdan kelib chiqib, klaster va fermer xo‘jaliklariga yaratilayotgan sharoit, paxtani bozor tamoyillarida sotish prinsipi, sohada bugungi kunda amalga oshirilayotgan va kelgusida rejalashtirilgan ishlar xususida ma’lumot berildi.
Aytish kerak, qishloq xo‘jaligi qo‘shimcha imkoniyatlarga boy soha. Bozorlarimiz fayz-u barakasi, hayotimiz farovonligi ko‘p jihatdan unga bog‘liq. Shu bois keyingi yillarda agrar sohani tubdan isloh qilish va uni bozor talablariga moslashtirish ishlariga katta e’tibor qaratilmoqda.
Bugun qishloq xo‘jaligidagi rivojlanish tamoyillari o‘zgargani rost. Endilikda bir konturga qatorasiga 2 yildan ortiq bitta nav ekish maqsadli emas. Shunda hosildorlik karrasiga oshishi, yangi nav o‘z navbatida o‘zlashish jarayonida katta natija berishi qayd etildi. Shu bilan birga bugungi kunda mirishkorlarimiz yerga qadayotgan chigit misolida ham o‘zgarishlar aytib o‘tildi. Bugun vazirlik huzuridagi urug‘chilik markazi tasarrufida 8 ming tonnadan ziyod tindirilgan urug‘lik chigit mavjud. Dunyo amaliyoti ham ayni usul samara dorligini isbotlab bo‘lgan. Galdagi vazifa ana shu urug‘larni konturlar kesimi va hududlar yo‘nalishida to‘g‘ri taqsim qilinishidadir. Bu yetmasligi bor gap. Ammo mahalliy navlarimiz doimo xorijnikidan ustuvorlik kasb etishi tayin. Qolgan qismini tajriba asosida xorijdan olib kelinishi va bu umumiy hajmning 10 foizidan oshmaydigan miqdorda bo‘lishi belgilanganligi aytib o‘tildi. Viloyatlar bu boradagi dastlabki kelishuvlarni boshlab yuborishgan.
Turkiya, Xitoy, Hindiston kabi davlatlarning O‘zbekiston iqlimiga mos navlari saralanib, 2024-hosil yiliga moslanishi borasida muzokaralar nihoyalanmoqda. Vazirlik mazkur yo‘nalishda bosh muvofiqlashtiruvchi bo‘ladi. Hujjat va laborator tekshiruvlarini rasmiylashtirilishi, kasallikka chidam hamda mintaqada hosil berishi borasidagi xulosalarni ham tayyorlab berishga amaliy ko‘mak ko‘rsatadi. Ishni to‘g‘ri va ratsional tashkil etilishi o‘z navbatida oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash hamda soha taraqqiyotiga o‘ziga xos asos bo‘lib xizmat qiladi.
Vazir I.Abdurahmonov o‘z navbatida qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan ishlarni alohida qayd etar ekan, bunda eng avvalo xalqaro eksport salohiyatini oshirish, agro iqtisodiyotni takomillashtirish hamda xorijiy moliya institutlari tomonidan ajratilayotgan grant mablag‘larini maqsadli investitsion loyihalarga yo‘naltirish yuzasidan bir qator mas’ullar, shuningdek, Qishloq xo‘jaligida Bilim va innovatsiyalar Milliy markazi (AKIS), Urug‘chilikni rivojlantirish markazi, O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi rahbar-xodimlariga tegishli topshiriqlar berdi.
Mazkur vazifalarning samarali amalga oshirilishi, shubhasiz, respublikaning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi va zamonaviy taraqqiyotning yangi qirralarini o‘zlashtirishga xizmat qiladi.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: