Italiyada bo‘lib o‘tgan BMTning oziq-ovqat tizimlari bo‘yicha pre-sammitiga tashrifi doirasida O‘zR qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xodjayev Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish xalqaro jamg‘armasi (QXRXJ) prezidenti Jilber Ungbo bilan uchrashuv o‘tkazdi. Shuningdek Xodjayev barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun milliy oziq-ovqat tizimlarini qayta tashkillashtirish masalalari bo‘yicha vazirlar “davra suhbati”da so‘zga chiqdi.
Sammit arafasidagi tadbirlar birinchi navbatda vazirlar darajasida o‘tkazilmoqda, shu bois ham shaxsan va virtual ishtirok etish uchun barcha a’zo mamlakatlar soha vazirliklarining rahbarlari taklif etildi.
“Davra suhbati” doirasida vazirlar 2030 yilgacha maqsadlarga erishishga yo‘naltirilgan oziq-ovqat tizimlarini transformasiyalash bo‘yicha milliy strategiyalarni shakllantirish hamda bu borada boshqa ishtirokchilardan qanday harakatlarni kutayotganliklari to‘g‘risidagi ma’lumotlar bilan o‘rtoqlashishdi.
Jamshid Xodjayev O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi sektorini har tomonlama rivojlantirishga qaratilgan islohotlarni amalga oshirish boshlanganligi to‘g‘risida so‘zladi. U yangi harakatlarning zamonaviy bilim va texnologiyalarni joriy etishga yo‘naltirilganligini ta’kidlab o‘tdi, bu esa o‘z navbatida agro-oziq-ovqat tizimlarini modernizasiya qilishga turtki beradi.
“O‘zbekistonda biz yangi qishloq xo‘jaligida bilim va innovasiyalar AKIS tizimini mustahkamlashga intilmoqdamiz, bunday tizimni har bir hududda joriy etayapmiz”, – tushuntirish berdi Jamshid Xodjayev. – Bundan tashqari, prezidentimizning shaxsiy e’tibori himoyaga muhtoj guruhlar, ayollar va yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga bag‘ishlangan uchta milliy dastur bilan bog‘liq. Shu tariqa dastur doirasida davlatga tegishli bo‘lgan 122 ming gektar qishloq xo‘jaligi yerlari ushbu uchta guruh o‘rtasida taqsimlandi. Shu bilan birga biz aslida bu insonlarni yirik qishloq xo‘jaligi kompaniyalari bilan birlashtirdik, ishlash uchun zarur bo‘lgan bilimlarni olishga yordam berdik”.
O‘z nutqini yakunlar ekan, O‘zR qishloq xo‘jaligi vaziri BMT, FAO va barcha ishtirokchilarga minnatdorchilik bildirib, bunday birlashtiruvchi tashabbuslar ko‘plab muammolarni yechishning to‘g‘ri yo‘li ekanligini ta’kidladi, yanada faol va ochiq hamkorlik aloqalarini o‘rnatishga yordam berishiga ishonch bildirdi.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: