Ilm-fan barcha yerda bo‘lgani kabi qishloq xo‘jaligining eng asosiy tayanchlaridan biri hisoblanadi. Dunyoda rivoj topgan davlat borki, bilimga suyanadi. Sinash va tajriba o‘tkazishdan charchash yo‘q. Bizda ham mana shu tamoyil ustuvor bo‘lmog‘i darkor.
Hududlarda amalga oshirilayotgan islohotlar bilan tanishish maqsadida Jizzax viloyatiga tashrif buyurgan Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov navbatdagi manzil sifatida G‘allaorol tumanida joylashgan Lalmikor dehqonchilik ilmiy-tadqiqot institutini tanlagani ham bejiz emas.
Institut davlat muassasasi shaklida 1913-yilda tashkil etilgan bo‘lib, 2021-yilda Lalmikor dehqonchilik ilmiy-tadqiqot instituti nomi bilan qayta tashkil etilgan. Bugun bu yerda 92 nafar xodim faoliyat yuritmoqda. Aytish kerak, agrotarmoq bugungi kunda yangilikka intiluvchan, dunyoda bo‘layotgan o‘zgarishlarga doim tayyor hamda o‘zi ham yangilik yarata oladigan mutaxassislarga ehtiyoji har qachongidan yuqori.
I.Abdurahmonov institut faoliyati bilan tanishar ekan, birinchi navbatda institut bugungi kunda qanday ishlarni amalga oshirayotgani, tadqiqotlar ko‘lami qay darajada bo‘lishiga e’tibor qaratdi.
Institut hududiga kirib kelishdagi holat agrar sohaga bilim va innovatsiyalarni joriy etishga mas’ul bo‘lgan tashkilotning ish faoliyatini namoyon etishi lozim. Ammo yillar davomidagi e’tiborsizlik, ishni to‘g‘ri tashkil etishdagi kamchiliklar buning aksini ko‘rsatyapti. Shu bilan birga xodimlar va ilm ahliga yaratilgan sharoitlar qoniqarsiz ekanligi ko‘rsatib o‘tildi.
Albatta, ilmiy tadqiqot nomi bilan faoliyat yurituvchi makonda haqiqiy innovatsiyalar paydo bo‘lishi, qishloq xo‘jaligi mexanizatsiyalanishida mahalliy tadqiqotlar o‘z samarasini berishi joiz.
Vazir I.Abdurahmonov ayni jihatlarni qayd etib, avvalambor sharoit yaratib berilishi, ilmiy salohiyat to‘planadigan maskan nufuziga yarasha ish ko‘lamini belgilanishini alohida ta’kidladi.
Shu bilan birga ushbu innovatsiyalarni qilish uchun mavjud imkoniyatlar ko‘zdan kechirildi. Loyiha va ishlanmalar tayyorlanadigan ustaxonalar ko‘zdan kechirildi. Tadqiqot maskanida kelgusi taraqqiyot mahsullari paydo bo‘lishi uchun ter to‘kish, lozim bo‘lsa intiluvchan yoshlarni rag‘batlantirish hamda qo‘llash tartibotlari tatbiq etilishi belgilandi. Reja va bajariladigan ishlar ko‘lami bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Vazir o‘z navbatida, ma’nan eskirgan, avvallari yaratilgan texnikalarni zamon talabiga javob beradigan, raqobatbardosh texnikalar bilan o‘zgartirish, bunda barcha ishlanma va yosh olimlarning izlanishlariga keng o‘rin berilishini ta’kidladi.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: