Kirill alifbosida yuklab olish!
Lalmikor dehqonchilik ilmiy – tadqiqot instituti tomonidan Jizzax, Samarqand viloyatlari hamda Navoiy viloyatining Xatirchi tumanidagi boshoqli don ekinlari parvarishida amalga oshiriladigan agrotexnik tadbirlar bo‘yicha TAVSIYALAR
Respublikada iqlimning keskin o‘zgarishi, qish faslining quruq sovuq kelishi, mart oyining ikkinchi yarmida yog‘ingarchilik ko‘p bo‘lishi va havoning keskin sovub ketishi natijasida g‘alla rivojining bir oz kechikishiga sabab bo‘lmoqda.
Buning natijasida g‘allani o‘z vaqtida oziqlantirish, begona o‘t va kasalliklarga qarshi kurash choralarini maqbul muddatlarda amalga oshirish ishlari biroz kechikmoqda.
Bu yilgi bahor mart oyi seryog‘in, havo haroratining past bo‘lishi g‘allazorlarda zamburug‘li kasalliklar, zararkunanda hashoratlar va begona o‘tlarning keng tarqalishi ehtimoli kutilmoqda.
Gʻallazorlarga juda katta zarar keltiruvchi va keng maydonlarda tez tarqaluvchi sariq zang zamburug‘li kasallik 0 ºC da o‘sishni boshlaydi. Havo harorati 8-13 ºC o‘simlikning to‘qimalari ichiga kiradi. Yangi sporalar 12-15 ºC haroratda paydo bo‘lib, shamol yordamida tez tarqaladi va kasallik kuchli rivojlanganda g‘alla don hosilini 50-60% kamayishiga olib keladi.
Sug‘oriladigan maydonlarda tinimsiz ravishda yog‘ingarchilik kuzatilishi natijasida bu maydonlarda bir yillik ikki pallali begona o‘tlar (sho‘ra, olabuta, jag‘-jag‘, yopishqoqo‘t, bo‘ritaroq, semizo‘t, g‘umay), boshoqli begona o‘tlardan yovvoyi suli, tak-tak kabi begona o‘tlar rivojlanmoqda. Ushbu vaziyatda boshoqli don ekinlari ekilgan maydonlarda yog‘ingarchilik sababli begona o‘tlarga qarshi ishlov berish o‘z vaqtida amalga oshirila olmasligi sababli begona o‘tlarning avj olib rivojlanishiga olib keladi.
Shuningdek, bahorgi 1-oziqlantirish ishlari yakunlanmagan maydonlarda zudlik bilan 1-5-arelgacha yakunlash, hamda 2-oziqlantirish ishlarini 20-25-aprelgacha tugatish talab etiladi.
Namlik zahirasi va mineral moddalarning ko‘p bo‘lishi o‘simlikning naychalash davridagi poya bo‘g‘in oraliqlarining uzun bo‘lishiga, boshoq uzunligiga, boshoqdagi don sonining oshishiga, don vaznining yuqori bo‘lishiga olib keladi.
Ob-havo seryog‘in hamda havo xaroratining pasayishi kuzatilganda quyidagi agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish zarur.
1. Sizot suvlari chuqur joylashgan, suv ta’minoti og‘ir maydonlarda g‘allani azotli mineral o‘g‘itlar bilan oziqlantirib, sug‘orishni sharbat usulida amalga oshirilishi natijasida g‘alla maydonida mikro-iqlim hosil qilinadi. Bu esa o‘z navbatida nihollarni qisqa muddatli sovuqqa chidamligini oshiradi.
2. Gʻallani barg orqali suspenziya usulida oziqlantirish o‘suv davri davomida 5-7 marta amalga oshirish g‘alla hosildorligini 20-25 s/ga qo‘shimchi don hosildorligiga erishiladi. Bunda, gumin asosli makro va mikro elementlar bilan boyitilglan bioo‘g‘itlar bilan oziqlantirish tavsiya etiladi. Bioo‘g‘it preparatlaridan UzGumi, Gumimaks 0.5 l/ga, Baykal-M, Rokogumin, Kristalon yara (NPK) va boshqa bioo‘g‘itlar bilan belgilangan me’yorlarda ishlov berish o‘zining ijobiy natijasini beradi.
3. Zamburug‘li kasalliklarning tarqalishini oldini olish xamda kasallik kuzatiladigan maydonlarda qarshi kurash choralarini olib borish uchun O‘zbekiston Respublikasi hududida ishlatilishi mumkin bo‘lgan Davlat kimyo komissiyasi reyestriga kiritilgan kimyoviy vositalar bilan ishlov berish tavsiya etilgan Titul Pro 40% em.k. 0,25 l/ga, Alto Super 33% em.k. 0,3 l/ga, Titul Duo k.e.k. 0,2 l/ga, Titul Miks 40% k.e.k. 0,2 l/ga, Dikanazol 40% k.e. 0,2 l/ga preparatlar bilan 200-300 litr ishchi eritma hisobida ishlov berish tavsiya etiladi.
4. Gʻallazorlarda eng katta zarar keltiruvchi bir yillik boshoqdoshlar oilasiga mansub (yovoyi suli, raygres) begona o‘tlarga qarshi havo harorati +12+15 ºC bo‘lganda, AGRO-PIK 8% em.k. 0,3-0,4 l/ga, ENTOPIK SUPER k.e. 0,15 l/ga kabi gerbisidlar bilan 200-300 litr ishchi eritma hisobida ishlov berish tavsiya etiladi.
5. Gʻallazorlarda eng ko‘p tarqaladigan bir yillik ikki palali begona o‘tlarga qarshi havo harorati +12+15 ºC bo‘lganda, bir yillik ikki pallali begona o‘tlarga qarshi AZANSTAR 75 v.d.g. 20 gr/ga, Yevrostar 75% v.d.g. 20 gr/ga, Entostar v.d.g. 20 gr/ga xamda ko‘p yillik ikki pallali begona o‘tlarga qarshi Vinstar Plyus 75% v.r.g. 30 gr/ga, Prostar 75% v.d.g. 30 gr/ga preparatlar bilan 200-300 litr ishchi eritma hisobida ishlov berish tavsiya etiladi.
6. Sizot suvlari yaqin, havoning nisbiy namligi yuqori bo‘lgan (ochak zonalarda) hududlarda kasalliklarning oldini olish maqsadida doimiy kuzatuv ishlarini olib borish hamda kasallik kuzatigan maydonlarda birinchi navbatda ishlov berish kerak.
7. Qishloq xo‘jaligi ekinlari ekilgan maydonlarda begona o‘tlarga qarshi kurashish maqsadida texnika tayyorgarligi va begona o‘tlarga hamda zang kasalligiga qarshi kurashish vositalarining zaxirasini yaratish zarur.
Yuqorida keltirilgan agrotexnika chora-tadbirlar hududlarning tuproq-iqlim sharoiti va g‘allaning rivojlanish fazalarini hisobga olgan holda amalga oshirilishi g‘alladan mo‘l hosil olinishini ta’minlaydi.
O‘zR Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi, Lalmikor dehqonchilik ilmiy – tadqiqot instituti mutaxassislarining tavsiyalari asosida tayyorlandi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: