Avval xabar berganimizdek, Toshkent davlat agrar universitetida Qishloq xo‘jaligi vazirligi tashabbusi bilan “O‘zbekistonda kartoshkachilik sohasining istiqbollari. Koreya Respublikasi tajribasi asosida yil davomida kartoshka yetishtirish texnologiyasi” mavzusida seminar-trening bo‘lib o‘tdi.
Yurtimizdagi kartoshka yetishtiruvchilar, qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashgan oliy o‘quv yurtlarining talabalari uchun video-konferens-aloqa shaklida tashkil etilgan tadbirda Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar instituti rektori, professor Shavkat Hasanov, vazirlik huzuridagi Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy tadqiqot instituti direktori, professor Rustam Nizomov hamda Janubiy Koreya Xalqaro o‘simlikshunoslik institutining bir guruh professorlari “O‘zbekistonda kartoshka urug‘chiligini rivojlantirishda kadrlar salohiyatini oshirish” loyihasi, yurtimizda kartoshka yetishtirishning istiqbollari, Kartoshkaning kasallik va zararkunandalari va ularga qarshi kurash kabi mavzulardagi ma’ruzalari bilan qatnashishdi.
Tadbirda aytib o‘tilganidek, Koreya Respublikasida hududlarning tuproq-iqlim sharoitidan kelib chiqib, yil bo‘yi kartoshka yetishtirish yo‘lga qo‘yilgan. Bugungi kunda jami 23,0 ming gektarda, shundan 2,1 ming gektarida qish mavsumida issiqxonalarda kartoshka yetishtirish yo‘lga qo‘yilgan.
Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, issiqxona sharoitida kartoshka yetishtirish uchun sarflanadigan mablag‘ ochiq dalada kartoshka yetishtirish xarajatlaridan deyarli farq qilmaydi. Yurtimizning iqlim sharoitini yaxshi o‘rganib chiqqan koreyalik mutaxassislar issiqxonada kartoshka yetishtirish bo‘yicha o‘z tajribalarini mamlakatimizda ham ommalashtirishning afzalliklariga ham alohida to‘xtalib o‘tishdi.
Seminar-treningda ta’kidlanganidek, yurtdoshlarimiz qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ichida aynan kartoshkani ikkinchi non sifatida ko‘rishadi. Shu bois, aholining sifatli kartoshkaga bo‘lgan ehtiyoji yuqori. Buni e’tiborga olgan Qishloq xo‘jaligi vazirligi ayni paytda kartoshka urug‘chiligini yurtimizning o‘zida yo‘lga qo‘yish, sohaga xorijlik mutaxassislarning tajribalarini keng joriy etishga alohida ahamiyat qaratmoqda.
Jumladan O‘zbekiston va Janubiy Koreya Respublikasi hamkorligidagi umumiy qiymati 4,3 mln dollarlik “O‘zbekistonda kartoshka urug‘chiligini rivojlantirishda kadrlar salohiyatini oshirish” xalqaro loyihasi o‘z faoliyatini boshladi. Loyiha Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar institutida O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Janubiy Koreya Respublikasining Qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat va qishloq hududlarini rivojlantirish vazirligi hamda Koreya qishloq hududlarini rivojlantirish korporatsiyasi hamkorligida tashkil etilgan bo‘lib, O‘zbekistonda kartoshka urug‘chiligi sohasini rivojlantirish, kadrlar salohiyatini oshirish va ilmiy-tadqiqotlar bazasini kuchaytirishga qaratilgan.
Seminarda kartoshka kasallik va zararkunandalariga qarshi kurashish, urug‘lik kartoshkani yetishtirishning innovatsion texnologiyalari hamda kartoshka yetishtirish uchun O‘zbekiston iqlimiga mos issiqxonalar va ularda yil davomida kartoshka yetishtirish kabi mavzular bo‘yicha ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob olishdi.
Tadbir so‘ngida o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etgan professorlarga Qishloq xo‘jaligi vazirligi nomidan sertifikat va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: