Qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitovning Farg‘ona viloyatiga tashrifi davomida Toshloq tumanidagi aholi xonadonlarining birida bo‘lib, anʼanaviy kigiz bosish jarayoni bilan tanishgani haqida xabar bergan edik.
Joriy yilning 14-15 oktyabr kunlari mazkur hududda “Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishga ixtisoslashgan issiqxonalarda muqobil energiya resurslari va anʼanaviy issiqni saqlovchi materiallardan foydalanish” mavzusida ikki kunlik o‘quv-seminari tashkil etildi.
Seminarda, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyat qishloq xo‘jaligi mutasaddilari, tadbirkor va xo‘jalik rahbarlari ishtirok etdi.
Seminarni vazir A.Voitov kirish so‘zi bilan ochib berar ekan, bugun yurtimizda, ayniqsa, qish va bahor oylarida aholini sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlash, bozorlar va savdo do‘konlarida bu mahsulotlarning maqbul narxlarda barqaror sotilishiga erishishda issiqxona xo‘jaliklarining faoliyati muhim ahamiyatga ega ekanini, ayniqsa, issiqxonalarda yetishtirilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari tannarxini minimal darajada ushlab turish uchun muqobil energiya resurslari hamda bir maromda issiqlikni saqlovchi mahsulotlar foydalanish masalasiga alohida eʼtibor qaratdi.
Albatta, bugun kichik hajmdagi va aholi xonadonlaridagi issiqxonalarda yuqori havo haroratini bir maromda ushlab turishda kigizdan foydalanish o‘ziga xos ahamiyat kasb etadi.
Seminar davomida ham mutaxassislar tomonidan kigiz global muammoga aylangan mintaqaviy iqlim o‘zgarishlari sharoitida issiqxonalarning salbiy taʼsirini kamaytirishda va undan himoyalanishda munosib yechim bo‘la olishi borasida maʼlumot berildi.
Kigiz tayyorlash qadimdan, asosan, chorvachilik bilan shug‘ullanadigan xalqlar orasida keng tarqalgan. O‘rta Osiyo va Qozog‘iston, jumladan, O‘zbekiston hududi (Surxondaryo, Qoraqalpog‘iston, Xorazm, Farg‘ona vodiysi)da kigizning guldor, ifodali rang-barang naqshli turlari tayyorlangan.
Aytish kerakki, bugun «Varzak» MFYdagi 120 ta xonadon anʼanaviy usulda kigiz bosish bilan shug‘ullanadi, bu yerda tayyorlanadigan kigizning boshqa hududlarda tayyorlanadigan kigizdan farqi shundaki, uning yopishqoqlik darajasi, o‘z navbatida issiqlikni ushlab turish xususiyati va boshqa ko‘plab jihatlarda o‘ziga xos bo‘lib, o‘tda yonmaydi degan talabga to‘laqonli javob beradi.
Qishloq xo‘jaligi vakillariga taklif etilayotgan ushbu unitilayozgan yangilik aslida issiqxona faoliyati uchun eng maqbul yo‘ldir. 1 kvadrat metri 10 ming so‘mni tashkil etayotgan kigizlar uchun ayni paytda shartnomalar tuzish ishlari boshlangan.
Ma’lumot o‘rnida, kigiz o‘rtacha 15 darajagacha issiqlikni ushlab turishi mumkin. Kigiz bilan o‘ralgan kichik hajmdagi issiqxonalarda gaz va ko‘mir sarfi ancha kamayadi, qishning iliq kunlarida esa bu kabi yoqilg‘ilarga ehtiyoj sezilmaydi.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: