Kungaboqar – murakkabguldoshlar oilasiga mansub bir yillik o‘simlik, asosiy moyli ekinlardan biri. Vatani-Shimoliy Amerika. Ildizi o‘q ildiz, yaxshi rivojlangan, poyasi tik o‘sadi, dag‘al, yuqori qismi shoxlanadi, bo‘yi 4 m ga boradi. Bargi oddiy, yirik, ketma-ket joylashgan, dag‘al tuklar bilan qoplangan. To‘pguli savatcha (diam. 35-40 sm). Chetdan changlanadi. Mevasi — lista, 4 qirrali, rangi oq, kulrang, 1000 ta urug‘i vazni 100-150 g.
Kungaboqar urug‘i 4–6°Cda 10–15 kunda unib chiqadi. Maysasi – 6°C sovuqqa bardoshli (qisqa qorasovuqlarga chidaydi). Issiqlikka talabchan, yorug‘sevar, qisqa kunli, qurg‘oqchilikka chidamli, namsevar o‘simlik. Soya joyda yaxshi rivojlanmaydi. O‘suv davri 80-140 kun.
Kungaboqar erta bahorda tuproq harorati 8-12°Cga yetganda va takroriy ekin sifatida kuzgi bug‘doy va arpadan keyin ekiladi. Ekishdan oldin yer tekislanadi. Yer haydashdan oldin go‘ng (20 t/ga), azotli, fosforli va kaliyli o‘g‘itlar solinadi. Ekishda makkajo‘xori ekiladigan seyalkalardan foydalaniladi.
O‘suv davrida qator orasi 2–3 marta kultivatsiya qilinadi, 5–6 marta su-g‘oriladi. Gullash davrida ekinzorda asalari uyalari qo‘yilsa kungaboqar gullari yaxshi changlanadi. Gullash davrida ko‘p suv talab qiladi. Sug‘orish meʼyori 600-800 m3/ga. Kungaboqarning yetilganligini savatining sariq-jigarrangga kirganligiga qarab aniqlash mumkin. Hosil don kombaynlarida maxsus moslama bilan o‘rib olinadi.
Hozirgi kunda O‘zbekistonda kungaboqarning 50 navi yetishtiriladi.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: