Bugun Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi Ilmiy-texnik kengashining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda nufuzli olimlardan tarkib topgan Ilmiy-texnik kengash faoliyatini yo‘lga qo‘yish, agrar sohada ilmiy tadqiqotlar sifati va samaradorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.
Qolaversa, Milliy markaz huzuridagi ilmiy muassasalarning ilmiy-tadqiqot ishlari va ilmiy-innovatsion faoliyat yuzasidan hisobotlarini ko‘rib chiqish bo‘yicha Ekspert kengashlari nizomi hamda uning tarkibini tasdiqlash masalasi atroflicha muhokama qilindi.
Kengash a’zolari tomonidan dissertatsiya natijalari amaliyotga tatbiq etilganligini tasdiqlash va ma’lumotnomalar berish jarayonda ortiqcha qog‘ozbozlik va ovoragarchiliklarga yo‘l qo‘ymaslik, joriy etilgan texnologiya va ishlanmalarga berilishi zarurligi ta’kidlandi.
Shuningdek, kengashda davlat buyurtmasi sifatida e’lon qilish uchun taqdim etilgan mavzularni tasdiqlash hamda Milliy markaz muassisligida “Agroinnovatsiyalar” ilmiy jurnalini tashkil etish masalasi ham muhokama qilindi.
Kengash a’zolari agrar sohadagi ilmiy-tadqiqot ishlari natijalari hamda sohaga oid innovatsiyalar, texnologiyalar transferiga oid materiallar chop etiladigan ilmiy jurnalga ehtiyoj mavjudligini ta’kidlab, bir ovozdan ma’qulladilar.
Ta’kidlash kerakki, ekspertlar kengashlari kamida 9 nafar va ko‘pi bilan 21 nafar mutaxassis-olimlardan iborat tarkibda shakllantiriladi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: