Sabzi o‘ziga yarasha injiqligi bor o‘simlik. Uning yaxshi rivojlanishi uchun baʼzi jihatlarga eʼtibor qaratish kerak. Buning uchun quyidagi maslahatlarimizga rioya qiling.
1. Tuproq tarkibi:
Sabzi yumshoq, yengil, nam va havo o‘tkazadigan tuproqni yaxshi ko‘radi. Og‘ir loy tuproqda sekin rivojlanadi, zaif va ingichka bo‘lib yetiladi. Undan tashqari, agar tuproqda tosh, shox-shabba, organik qoldiqlar kabi har qanday to‘siqlar bo‘lsa, sabzi ularni «aylanib o‘tadi» va natijada qiyshiq bo‘lib yetiladi.
Bunday bo‘lmasligi uchun kuzda yerni ag‘darib chiqish vaqtida sabzi o‘sishiga xalaqit berishi mumkin bo‘lgan barcha yot jismlarni tozalab tashlash lozim. Shuningdek, tuproqni yumshatish uchun unga qum, to‘liq chirigan qipiq solsa bo‘ladi.
2. Yerning nordonligini bemahal ketkazish:
Sabzi nordon yerni sevmaydi, sabzi uchun eng maqbul nordonlik darajasi pH 5,6-7. Shuning uchun tuproq nordonligini kamaytirish kerak. Biroq bu ishni bevosita sabzini sepishdan oldin qilmaslik kerak, aks holda u ko‘p dumli bo‘lib yetiladi. Eng yaxshisi, ohak yordamida kuzda yerning nordonligini ketkazish (2-3 yilda bir amalga oshirish mumkin). Agar bu ish o‘tgan mavsum so‘ngida qilinmagan bo‘lsa, bahorda qilish lozim. Faqat bahorda yer nordonligini ketkazish sabzini sepishdan bir oy oldin, kul yoki dolomit unini qo‘llagan holda amalga oshiriladi.
3. Go‘ng solish:
Tuproqni oziqlantirish va foydali elementlar bilan boyitish uchun go‘ngni bevosita sabzi sepishdan oldin solish kerak emas. Aks holda sabzi po‘k va ko‘p dumli bo‘lib yetiladi. Shuningdek, azotning ko‘payib ketishi ildizmevaning shoxlab ketishiga sabab bo‘ladi.
4. Azot va xlorning ortib ketishi:
Katta hosil izidan quvib sabziga ortiqcha azot bermaslik kerak. Bu mikroelement boshlang‘ich davrlarda o‘simliklarga zarur. Biroq ortiqcha azot ildizmevaning shakllanishiga salbiy taʼsir ko‘rsatadi. Undan tashqari, tarkibida xlor bo‘lgan o‘g‘itlarga urg‘u bermaslik kerak, aks holda sabzi shoxlay boshlaydi.
Oziqlantirish meʼyorlari va rejimlariga rioya qiling. Tartibsiz oziqlantirish o‘simlik rivojlanishining yomonlashuvi va hosildorlikning tushib ketishiga olib keladi.
5. Sug‘orish tartibining buzilishi:
Sabzi uchun suv ko‘pligi ham, yetishmasligi ham salbiy taʼsir ko‘rsatadi. Agar sabzi ko‘p sug‘orilib turilsa, yorila boshlashi va “tukli” bo‘lib yetilishi mumkin. Namlik yetishmasa, ildizlar tuproqning chuqurroq qismidan suv qidiradi va yon o‘simtalar hosil qiladi. Natijada sabzi xunuk shaklga ega bo‘ladi.
Agar ko‘p yomg‘ir yog‘sa, sug‘orishni to‘xtatish kerak. Sug‘orishning eng maqbul sxemasi – 4-5 kunda bir marta, salqin havoda esa kamroq. Agar siz maʼlum sabablarga ko‘ra ekinni uzoq muddat suvsiz qoldirgan bo‘lsangiz, birdaniga ko‘p suv berib sug‘ormang. Bo‘lib bo‘lib sug‘oring, yo‘qsa birdaniga ko‘p suv ichgan sabzi yorilib ketadi.
6. Yagana qilinmaganligi:
Vaqtida yagana qilinmagan sabzi ingichka va uzun bo‘lib yetilishi mumkin. Kichik maydonda ko‘p mevalarning siqilib qolishi tufayli kerakli vazni va kattalikka ega bo‘lolmaydi.
Sabzini o‘z vaqtida yagana qilish lozim. Aksariyat dehqonlar buni ikki marta amalga oshiradi: birinchisi, ilk 2-3 haqiqiy barglari paydo bo‘lganida va ikkinchisi, palak bo‘yi 10 sm bo‘lganida. Yagana qilinganidan keyin mevalar orasidagi optimal masofa – 6-7 sm.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: