No‘xat – dukkaklilar oilasiga mansub bir yillik va ko‘p yillik o‘tsimon o‘simlik turkumi; dukkakli don ekini. Vatani Osiyo. Poyasi o‘tsimon, tik o‘sadi, dag‘al, qovurg‘ali, sershox, tukli, balandligi 30-70 sm. Bargi murakkab, patsimon. Guli ikki jinsli, kapalaksimon, mayda. Mevasi dukkak, dukkagida 1-2 ta, goh 3 ta don bo‘ladi. Don rangi oq, pushti, to‘q-sariq, issiqsevar va yorug‘sevar, bahorgi ekin. Boshqa dukkakli ekinlarga nisbatan qurg‘oqchilik va sho‘rga chidamli, urug‘i 2-5°C haroratda unib chiqadi, past haroratda sekin o‘sadi. Maysasi bahorgi -6-8°C gacha qorasovuqlarga chidaydi. Namlik meʼyordan ortiq bo‘lsa kasallanadi, shona va guli to‘kiladi. O‘zidan changlanadi. O‘suv davri 70-190 kun. Don tarkibida 19-33% oqsil, 4-7% moy, 0,2-4,0% kul, 48-61% azotsiz ekstrativ moddalar, 2-12% klechatka, vitaminlar hamda aminokislotalar mavjud. Bir mavsumda bir gektar yerda no‘xat ildizlari 50-70 kg sof modda hisobida azot to‘playdi. Keng qatorlab (qator orasi 45-60 sm) yoki yoppasiga qatorlab (qator orasi 15 sm), baʼzan sepma usulida 5-10 sm chuqurlikda ekiladi. O‘zbekistonda aksariyat lalmi yerlarda ekiladi. Gullash davrida suvni kam meʼyorda berish yaxshi natija beradi, to‘liq pishganda guli to‘kiladi, dukkagi deyarli chatnamaydi, hosili don kombaynlarida yig‘ib olinadi.
Hozirgi kunda O‘zbekistonda no‘xatning 11 navi yetishtiriladi.
Bugungi kunda yurtimizda yetishtirilayotgan no‘xat mahsuloti Avstraliya, Avstriya, Ozarbayjon, Afg‘oniston, Belgiya, Buyuk Britaniya, Vyetnam, Germaniya, Hindiston, Indoneziya, Iroq Respublikasi, Eron, Qozog‘iston, Qatar, Xitoy, Koreya, Qirg‘iziston, Latviya, Mongoliya, Niderlandiya, BAA, Pokiston, Polsha, Rossiya, Tojikiston, Tayvan, Turkmaniston, Turkiya, Ukraina kabi mamlakatlarga eksport qilinmoqda.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: