Joriy yilning 29-yanvar kuni Samarqand viloyati Paxtachi tumanida joylashgan “Baliq al-said” baliqchilik xo‘jaligida ilmiy-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi. Unda Respublikaning barcha hududidan kelgan 50 dan ortiq baliqchilik xo‘jaligi rahbarlari ishtirok etdi.
Kunning birinchi qismida seminar ishtirokchilariga soha bo‘yicha nazariy bilimlar berildi. Xususan, aynan, ushbu baliqchilik xo‘jaligida marhum Dilshod Karimov tomonidan yaratilgan o‘ziga xos maktab, tajribalar asosida olingan xulosalar, ishlab chiqilgan reglamentlar bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borildi.
Shuningdek, baliqchilik xo‘jaligini tashkil etish, suv, havza qurilishi, chavoqlantirish, profilaktika ishlari, oziqlantirish kabi yo‘nalishlarga ham to‘xtalib o‘tildi. Seminarning amaliy qismida esa, xo‘jalikdagi baliqchilik havzalarini o‘rganish, havza qurilishi, havzalarga xizmat ko‘rsatish, mavsumiy profilaktika ishlarini tashkil etish bo‘yicha joyiga chiqqan holda maʼlumotlar berildi.
Asosiy maqsad esa, “Ustoz-shogird” anʼanalarini davom ettirgan holda sohada yangi ish boshlagan, o‘z tajribalarini oshirishga ehtiyojmand baliqchilar yoshlar o‘z ish faoliyatlarini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yishlarida ko‘maklashish.
Bunda “O‘nta baliqchi – o‘nta natija” loyihasi doirasida 10 nafar baliqchi tanlab olinib, baliq yetishtirish reglamentlari asosida xo‘jalikda polikultura va yarim intensiv usullarda baliq yetishtirish ishlari tashkil etilishi rejalashtirilgan. Jarayonlar ekspertlar tomonidan doimiy tarzda nazorat qilinishi natijasida 2024-yilda baliqchilik mavsumini samarali tashkil etish ko‘zda tutilmoqda.
Maʼlumot o‘rnida “Baliq al-said” baliqchilik xo‘jaligi 2010-yilda tashkil etilgan bo‘lib, hozirda 75 gektar maydonda bir necha turdagi baliqlar yetishtirib kelinmoqda.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: