Bugun O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov va Belarus Respublikasi qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat vaziri Bartosh Sergey o‘rtasida video-konferens-aloqa tarzida muloqot bo‘lib o‘tdi.
Unda Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi, Ilmiy-tadqiqot institutlari, va «O‘zbekbaliqsanoat» uyushmasi vakillari hamda Belarus tomonidan sohaga aloqador mutasaddilar ishtirok etdi.
Muloqotda Belarus Respublikasi Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat vazirligi delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi davomida agrar sohaning ko‘pgina tarmoqlari bo‘yicha imzolangan hamkorlik qo‘shma loyihalarining amaliyotga tatbiq etishdagi bugungi kundagi ish jarayonlarining muhim masalalari muhokama qilindi.
O‘z navbatida, Belarus Respublikasi bilan qishloq xo‘jaligi sohasida erishilgan kelishuvlar, jumladan, Toshkent viloyatida “Servolux” kompaniyasi bilan parranda go‘shti ishlab chiqarish va qayta ishlash loyihasini amalga oshirish, Samarqand viloyatida “Savushkin produkt” OAJ tomonidan sut mahsulotlari ishlab chiqarishni tashkil etish, Belorus seleksiyasining elita urug‘lik kartoshka navlarini sinovdan o‘tkazish va in-vitro usulida virussiz yetishtirish masalalari haqida so‘z yuritildi.
Qolaversa, O‘zbekiston hududida ko‘katlarning Belarus elita navlaridan foydalangan holda pitomnik va ko‘rgazmali maydon yaratish, Qishloq xo‘jaligi sohasida ilmiy-amaliy hamkorlikni faollashtirish, zig‘ir yetishtirishning agrotexnologiyasi va birlamchi urug‘chilik bo‘yicha yangi qo‘shma loyiha yaratish hamda baliq yetishtirish bo‘yicha qo‘shma loyihalarining muammo va kamchiliklari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv yakunida ikki tomon uchun manfaatli bo‘lgan hamkorlikda amalga oshirilayotgan qo‘shma loyihalarni amaliyotga joriy etilishini jadallashtirishga kelishib olindi.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: