Keyingi yillarda O‘zbekiston-Belarus o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari mustahkamlanib bormoqda. Jumladan, mashinasozlik, elektrotexnika, farmatsevtika, to‘qimachilik va oziq-ovqat sanoatida, qishloq xo‘jaligi va turizm sohalarida qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda.
Buning natijasi o‘laroq, qishloq xo‘jaligi yo‘nalishidagi hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash, bir qator kelishuvlarga erishish va loyiha yuzasidan hamkorlikka erishish maqsadida Belarus Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat vazirligi delegatsiya a’zolari O‘zbekistonda bo‘lib turibdi.
Xususan, bugun Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Belarus Qishloq xo‘jaligi va oziq ovqat vaziri Bartosh Sergey Ivanovich boshchiligidagi delegatsiya a’zolarini qabul qildi.
Uchrashuv davomida, o‘zaro yetkazib beriladigan qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari turlarini kengaytirish, go‘sht va sut mahsulotlarini qayta ishlash, chorvachilik va veterinariya, qishloq xo‘jaligi fanlari sohasida hamkorlikni rivojlantirishning yangi bosqichlari muhokama qilindi.
Ta’kidlash kerakki, O‘zbekiston bilan Belarus Respublikasi o‘rtasida qishloq xo‘jaligi savdosi, fan va agrar ta’lim sohasida yaqin hamkorlik o‘rnatilgan, shuningdek, chorvachilik, veterinariya va o‘simliklar seleksiyasi sohasida faol o‘zaro aloqalar yo‘lga qo‘yilgan.
Samimiy ruhda boshlangan uchrashuvda Ibrohim Abdurahmonov Belarus Respublikasi bilan hamkorlikda qishloq xo‘jaligi sohasida ham juda katta ko‘lamdagi islohotlar amalga oshirilayotgani, bu esa mamlakatlarimiz uchun birdek manfaatli ekanini e’tirof etdi.
Qolaversa, Belorussiyaning “Yagodka” fermer xo‘jaligida “in-vitro” usulida yetishtirilgan golubika ko‘chatlarining elita navlaridan foydalangan holda, O‘zbekiston Respublikasi hududida golubika yetishtirish bo‘yicha eksperimental ko‘rgazmali maydon yaratish loyihasi kelishib olindi.
Muzokaralar yakunida tomonlar o‘zaro yetkazib beriladigan qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari turlarini kengaytirish, samarali va konstruktiv hamkorlikning amaliy jihatlari joriy yilning 7 fevralda o‘tkaziladigan “II Hududlararo forum” doirasida kengaytirilgan muloqot jarayonida muhokama qilinishiga kelishib olindi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: