Bugun O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Eron Islom Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Muhammadali Iskandariy bilan uchrashdi.
Uchrashuvda ikki davlat o‘rtasida tobora rivojlanib borayotgan hamkorlik aloqalari, xususan agrar sohadagi hamkorlikning yangi ufqlari, qishloq xo‘jaligining turli sohalari bo‘yicha istiqbolli loyihalarni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari haqida so‘z yuritildi.
Elchi janoblari bugun O‘zbekiston qishloq xo‘jaligidagi islohotlar yuzasidan o‘zining ijobiy fikrlarini bildirar ekan, bugungi kunda O‘zbekiston iqtisodining 25%ini qishloq xo‘jaligi mahsulotlari tashkil etishini ta’kidlab bu sohadagi birgalikda ishlash uchun o‘z takliflarini berdi.
Jumladan yurtimiz agrar sohasida klasterlar faoliyati ijobiy baholanib, ularning qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini so‘nggi qayta ishlash, sohani mexanizatsiyalashtirish, chorva mollari hamda parrandalar uchun vaksinalar va ozuqa mahsulotlarini birgalikda ishlab chiqish, dorivor o‘simliklarni yetishtirish va qayta ishlash sohalarida istiqbolli hamkorlik loyihalari o‘rtaga tashlandi.
Uchrashuvda ikki davlat o‘zaro hamkorligining amaliy natijalarini e’tirof etgan vazir Ibrohim Abdurahmonov bugun dunyo davlatlari uchun tobora dolzarb ahamiyat kasb etayotgan suv tejovchi texnologiyalari, qishloq xo‘jaligi texnikalari va agregatlari hamda ozuqa mahsulotlarini yurtimizda ishlab chiqarish bo‘yicha hamkorlik istiqbollariga to‘xtalib bu nafaqat ikki davlat uchun balki, Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun birdek manfaatli bo‘lishini aytib o‘tdi.
Shuningdek, mexanizatsiyalashtirish loyihasi doirasida dastlabki qadam sifatida fermer va dehqonlarning Eron brendlaridan foydalanishini yo‘lga qo‘yish va ularning ishonchini qozonish lozimligiga ham to‘xtalib o‘tdi.
Uchrashuv so‘ngida o‘zaro manfaatli hamkorlik yo‘nalishlari bo‘yicha aniq takliflar asosida Yo‘l xaritasini ishlab chiqish va hamkorlik Memorandumlarini imzolashga kelishib olindi.
O‘z navbatida, elchi 27-apreldan 1-mayga qadar bo‘lib o‘tadigan “Eron ekspo-2024” 6-Xalqaro ko‘rgazmasida ishtirok etish uchun vazir Ibrohim Abdurahmonov boshchiligidagi qishloq xo‘jaligi delegatsiyasini Eron Islom Respublikasiga taklif qildi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: