O‘zbekistonning Italiyadagi elchisi Abat Fayzullayev BMT Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish xalqaro jamg‘armasi prezidenti Alvaro Lario bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Mamlakatimizda BMT Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish xalqaro jamg‘armasi investitsiyalari ishtirokidagi loyihalarni amalga oshirish natijasida bog‘dorchilik va sutchilik yo‘nalishida 100 mingdan ziyod qishloq aholisi manfaatdor bo‘lgani mamnuniyat bilan aytib o‘tildi
Alvaro Lario o‘z navbatida O‘zbekiston Markaziy Osiyo mintaqasidagi muhim hamkorlardan biri ekani, keyingi yillarda jamg‘armaning O‘zbekistondagi loyihalari hajmi jadal sur’atlarda oshib borayotgani buning yorqin dalili sifatida jamg‘arma vakolatxonasining Toshkentda ochilishi muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.
Shuningdek, Jamg‘armaning 2023-2027-yillarga mo‘ljallangan dasturi “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan keng ko‘lamli islohotlarga hamohang bo‘lib, unga hissa qo‘shishi, xususan, fermerlar daromadini ikki barobar oshirishda asosiy turtki bo‘lishi aytib o‘tildi.
Tomonlar kelgusida mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi sohasiga xorijiy investitsiyalarni jalb qilishda ushbu jamg‘arma salohiyatidan kengroq foydalanish masalalarini muhokama qildilar.
BMT Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish xalqaro jamg‘armasi rivojlanayotgan davlatlarning qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, dehqon va kichik fermerlarni qo‘llab-quvvatlash hamda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha loyihalarni moliyalashtirishga ixtisoslashgan moliya instituti hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston 2011-yilda ushbu jamg‘armaga a’zo bo‘lgan.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: