Joriy yilning 23-25-yanvar kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xitoy Xalq Respublikasiga rasmiy davlat tashrifi doirasida qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida muhim hamkorlik loyihalarni amaliyotga tatbiq etishga doir kelishuvlarga erishilgan edi.
Mazkur kelishuvlarning amaliy natijasi o‘laroq, bugun Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Xitoyning “Lihao Group” kompaniyasi vakillari bilan uchrashdi.
Uchrashuvda Qishloq xo‘jaligi vazirligi va “Lihao Group” kompaniyasi o‘rtasida imzolangan kelishuv loyihasiga muvofiq, O‘zbekistonda Xitoy kompaniyasining filiali faoliyatini yo‘lga qo‘yishning tashkiliy jihatlari va hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Aytish kerak, O‘zbekiston – Xitoy hamkorlik munosabatlari keng ko‘lam kasb etib, strategik sheriklik aloqalari yuksak darajaga ko‘tarilmoqda. Mamlakatlarimizning milliy manfaatlari, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti, jahondagi nufuzi yuksalishiga xizmat qiladigan bu aloqalar o‘zaro do‘stlik, mustahkam ishonchga asoslangan hamkorlik negizida taraqqiy etmoqda. Vazir Ibrohim Abdurahmonov ayni shu masalalarga e’tibor qaratdi.
Binobarin, Xitoyning olib borayotgan siyosati O‘zbekiston siyosati bilan hamohangligi hamda keyingi yillarda ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stlik aloqalari, mintaqadagi tinchlik va barqarorlikni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etishi qayd etib o‘tildi.
Vazir Ibrohim Abdurahmonov O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi tizimida so‘nggi yillarda davlat rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan islohotlar, sohada yaratilgan qulay investitsion muhit va bunda xorijiy investorlar uchun yaratilgan imtiyozlar haqida ma’lumot o‘rni xususida so‘z yuritdi.
Uchrashuv yakunida vazirlik va kompaniya o‘rtasida imzolangan shartnoma shartlariga ko‘ra, Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanida bir hafta muddatda “Lihao Group” kompaniyasining filialini ochish va ro‘yxatdan o‘tkazish hamda bir oy muddatda kompaniya ustav kapitalini shakllantirish, yuzaga keladigan muammolarga tezkorlik bilan yechim topish bo‘yicha mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: