Xabar berganimizdek, Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov sohada amalga oshirilayotgan islohotlar va ularning natijadorligi bilan yaqindan tanishish maqsadida amaliy tashrif bilan Qashqadaryo viloyatida bo‘lib turibdi.
Vazir tashrif lokatsiyasiga ko‘ra, “Hosildor Zamin” zamonaviy ko‘chatchilik ta’lim majmuasida bo‘ldi. Bu yerda yangiliklar yaratish borasida shart-sharoitlar yetarlicha va yutuqlar ham shunga yarasha. Vazir institutning ochiq maydon va issiqxonalardagi tajriba dalalarida amalga oshirilayotgan tadqiqotlar bilan tanishdi.
Ushbu majmua 4 gektar ochiq va 1 gektar yopiq ko‘chatxonalar, “in-vitro” laboratoriyasi va o‘quv markazidan iborat bo‘lib, bu yerda bir yilda 200 ming dona mevali daraxt va 100 ming dona tok ko‘chatlari, 200 ming dona mavsumiy gullar yetishtirish hamda yuzlab yoshlarga zamonaviy ko‘chatchilik sir-asrorlarini o‘rgatish imkoniyati yaratilgan.
Aytish kerak, mazkur laboratoriyada bugun mevali daraxtlarning turli kasallik va zararkunandalardan xoli bo‘lgan hamda qurg‘oqchilikka chidamli, turli iqlim sharoitiga mos navlarining klon payvandtaglari va payvandlangan ko‘chatlari yetishtirilmoqda.
Vazir o‘z navbatida laboratoriya imkoniyatlari bilan tanishar ekan, bugungi kunda agrar soha taraqqiyoti bu kabi zamonaviy majmualarda yetishtirilgan mahsulotlarga chambarchas bog‘liq ekanini ta’kidladi.
Ko‘chatchilik majmuasi bilan tanishgan vazir uning faoliyatini yanada rivojlantirish, mamlakatimizda ko‘chatchilik yo‘nalishini yangi bosqichga olib chiqish uchun zarur chora-tadbirlar yuzasidan o‘z takliflarini bildirdi.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: