So‘nggi yillarda O‘zbekiston-Xitoy munosabatlari tobora rivojlanib borayotgani, barcha sohalar qatorida qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida ham istiqbolli loyihalar amalga oshirilayotgani bilan ahamiyatli. Bugun nafaqat madaniyat, turizm, suv xo‘jaligi sohalarida, balki qishloq xo‘jaligi sohasida ham ulkan hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilmoqda.
Jumladan, Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonovning Pekin shahrida joylashgan Xitoy qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasiga tashrifi ham bunga yaqqol misol bo‘la oladi.
Tashrif davomida vazir Ibrohim Abdurahmonov Xitoy qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasi Prezidenti WU Kongming va akademiyaning nufuzli olimlari bilan uchrashdi.
Unda, Xitoy qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasi bilan ilm-fanni rivojlantirish, qishloq xo‘jaligida mutaxassislarni , ilmiy-innovatsion laboratoriyalarni tashkil etish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv chog‘ida Xitoy qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasi va O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi ilmiy-tadqiqot institutlari o‘rtasidagi asosiy yutuqlar, ilmiy-tadqiqot institutlari o‘rtasida texnologiyalarni rivojlantirish, oziq-ovqat xavfsizligi, iqlim o‘zgarishi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sifatni ta’minlash va ishlab chiqarish samaradorligini oshirish bilan bog‘liq muammolarni hal qilishga qaratilgan qo‘shma loyihalar va tadbirlarni amalga oshirish muhim yo‘nalishlar sifatida qayd etildi.
Shuningdek, “Yangling yuqori texnologiyali qishloq xo‘jaligi sanoatining namoyish zonasi” bilan hamkorlikda agroinnovatsion parkni tashkil etish bo‘yicha xorijiy hamkorlar bilan birgalikda aniq vazifalarni belgilab olindi. Qolaversa, Xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobidan Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi negizida Xitoy tajribasi asosida Qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasi tashkil etish, qishloq xo‘jaligi sohasida 34 ta oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda qo‘shma o‘quv dasturlarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv soʻnggida, Xitoy qishloq xoʻjaligi fanlari akademiyasida Ibrohim Abdurahmonovga faxriy professor unvoni berilganini tasdiqlovchi sertifikat ham topshirildi, shuningdek, Xitoy qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasi va O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vazirligi o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolandi.
Zero, mazkur hujjat ilmiy laboratoriyalarni tashkil etish, kadrlarni qayta tayyorlash, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, Xitoy qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasi bilan hamkorlikda O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi akademiyasini tashkil etish imkonini beradi.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: