Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Xalqaro kartoshkachilik markazi (CIP) “Kartoshka va batat seleksiyasi hamda urug‘chiligini yo‘lga qo‘yish orqali O‘zbekistonda oziq-ovqat xavfsizligini yaxshilash va iqlim o‘zgarishiga chidamliligini oshirish” besh yillik dasturini amalga oshirishga kirishishmoqda. Bu yil Kartoshkachilik ilg‘or tadqiqotlar va ishlanmalar markazi ochilishi rejalashtirilgan.
Iqlim o‘zgarishining qishloq xo‘jaligi hosildorligiga salbiy ta’siri kashtoshka va shirin kartoshka (batat)ning yangi navlarini yaratish va tarqatish zaruratini keltirib chiqardi. Kartoshka va shirin kartoshka – bu oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish hamda katta, o‘rta va ayniqsa kichik fermerlar uchun daromad olishda eng mukammal sabzavotlardan biri sanaladi. Ushbu ikki yuqori sifatli ekin qurg‘oqchilik va tuproqning sho‘rlanishi ortgan stressli sharoitlarga chidamli hamda suvdan va ozuqaviy moddalardan oqilona foydalanish sharoitlariga bardoshli bo‘lgani tufayli O‘zbekistonda katta salohiyatga ega, 2021 yil 27 may kuni O‘zR Tashqi ishlar vazirligi CIP markaziga O‘zbekistonda akkreditasiyadan o‘tganini tasdiqlovchi va ofis faoliyatini qayta tiklashi mumkinligini taqdiqlovchi sertifikatini berdi. CIP 1971 yilda tashkil etilgan kartoshka sohasidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot tashkiloti (bosh qarorgohi Peruda) bo‘lib, dunyoning 30 mamlakatida faoliyat ko‘rsatmoqda.
“Kartoshka O‘zbekiston uchun bug‘doydan keyingi o‘rinda turadigan strategik mahsulot va mamlakat iste’mol savatida yetakchi o‘rinlarni egallaydi. Yaqin 5 yillik ichida CIPning O‘zbekistondagi vazifasi – kartoshka va shirin kartoshka sohasida ilg‘or tadqiqotlar va ishlanmalar markazini yaratishdan iborat. Kutilayotgan natija — kartoshka hosildorligining kamida 30 foizga ortishi, bunda qiymat zanjirida CIP faoliyati fermerlar foydasini kamida 15 foizga oshiradi. Olingan sertifikat O‘zbekiston Respublikasi va Markaziy Osiyo mintaqasida fermerlar va qishloq xo‘jaligi hamjamiyati manfaati yo‘lidagi vazifamizni optimal ravishda amalga oshirishga imkon beradi”, — dedi ishchi uchrashuvlaridan birida CIPning Markaziy Osiyo va Kavkaz bo‘yicha vakili Rusudan Mdivani. CIP bilan hamkorlik va markazning ochilishi O‘zbekistonda quyidagi amaliy natijalarga erishishga olib keladi:
• mahalliy urug‘chilikni rivojlantirish, kartoshkaning qurg‘oqchilik, kasalliklar va zararkunandalarga chidamli yangi mahalliy serhosil navlarini yaratish;
• fermerlarga maslahat xizmatlarini ko‘rsatish va kartoshka sohasidagi yetakchi xalqaro ekspertlar ishtirokida o‘qitish;
• kartoshka va don mahsulotlarini almashlab ekishning yangi tizimi hamda saqlash va qayta ishlashning innovasion usullarini joriy etish;
• mamlakatimiz seleksionerlari va kartoshkachilik bo‘yicha mutaxassislarining malakasini oshirish;
• kartoshka va batatning elita va super elita avlodlari mahalliy sifatli urug‘lik materiallarini ishlab chiqarishni ko‘paytirish.
“Kartoshkachilik ilg‘or texnologiyalari va ishlanmalari markazi hosildorlikni oshirish va eksport uchun sharoitlar yaratish hisobiga mamlakatimiz kartoshka sektorining transformasiyasiga turtki beradi. O‘zbekistonda oziq-ovqat mahsulotlari bo‘yicha aholining ehtiyojlarini qondirish uchun tizimli ishlar olib borilmoqda, bunda mamlakatda kartoshkachilikni riojlantirishga strategik nigoh bilan qaralmoqda. Mazkur tashabbus Markaziy Osiyo uchun O‘zbekiston va qo‘shni davlatlarda kartoshka urug‘larini ishlab chiqarish milliy tizimlarini mustahkamlash bo‘yicha xalqaro tajribaga va mintaqaviy resursga aylanadi”, — deya ta’kidladi uchrashuvda O‘zR qishloq xo‘jaligi vaziri maslahatchisi Alisher Shukurov.
Ma’lumot uchun:
Bundan bir qancha muddat ilgani, aniqrog‘i 2005-2016 yillarda Toshkentda butun Markaziy Osiyo bo‘ylab faoliyat yurituvchi CIP mintaqaviy ofisi joylashgan edi. 2015 yilda O‘zR FA Bioorganik kimyo instituti bilan hamkorlikdagi faoliyat natijasi o‘laroq “Kartoshkaning biotexnologik majmui” yaratilgan, unga kartoshkaning 132 ta hamda batatning 3 ta kloni kiritilgan bo‘lib, ko‘paytirish va sinovdan o‘tkazish uchun invitro usulidagi ekin sifatida CIP tomonidan O‘zbekistonga topshirilgan edi.
Shuningdek, 2016 yilda O‘zbekiston Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti CIP ko‘magi ostida kartoshkaning 9 ta yangi navi rayonlashtirilgan edi. Ularning to‘rttasi (“Sarnav”, “Serhosil”, “Baraka”, “Pskom”) Davlat reyestriga kiritilgan.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: