Muassasada 1958-2020-yillar mobaynida 2 nafar akademik, 8 nafar fan doktorlari va 22 nafar qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodlari o‘z ilmiy ishlarini himoya qilishgan.
G‘O‘ZA SELEKSIYASI LABORATORIYASIDA g‘o‘zaning Qoraqalpog‘iston sharoitiga moslashgan dastlabki yangi seleksion navlari yaratilib, 1951-yildan boshlab ishlab chiqarishga joriy qilina boshlandi. Natijada olimlar tomonidan paxtaning bir qancha yangi navlari yaratildi: 1951-1960-yillar oralig‘ida g‘o‘zaning “KK-1083”, “KK-1543”, “KK-602”, “KK-1086”, “KK-351”, 1965-1975-yillarda “Chimboy-160”, “Chimboy-3010”, 1994-1996-yillar davomida “Chimboy-3014”, “Chimboy-4104” navlari yaratilib, respublikaning ekin maydonlariga rayonlashtirildi. Ular har yili 40-55 ming gektar maydonlarga ekilib, yuqori sifatli paxta hosili yetishtirildi.
G‘o‘zaning ushbu laboratoriya olimlari tomonidan yaratilgan “Do‘stlik-2” navi 2019- yilda har yili 20-25 ming gektarga, “Chimboy-5018” navi esa 2010-2020-yillar mobaynida 7-10 ming gektar ekin maydonlariga ekilib, yuqori hosil olindi.
DON VA DUKKAKLI EKINLAR SELEKSIYASI VA URUG‘CHILIGI LABORATORIYASI olimlari tomonidan yaratilgan kuzgi bug‘doyning “Aral” va “Chimbay” navlari Davlat nav sinash uchastkalarida 2018-yildan sinalmoqda. 2020-yilda kuzgi bug‘doyning “Chimbay” navi istiqbolli deb topilib, Davlat reyestriga kiritildi. Hozirgi kunda tajriba xo‘jaligida ushbu navlarning birlamchi urug‘chiligi bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
2018-2019-yillari soyaning turli navlari sinab ko‘rilib, Qoraqalpog‘istonning shimoliy mintaqalariga mos, tuproq-iqlim sharoitiga javob beradigan turlari ajratilib, yuqori hosildor, erta pishar navlari tanlab olinib, ishlab chiqarishga tavsiya etildi.
MOYLI EKINLAR SELEKSIYASI VA URUG‘CHILIGI LABORATORIYASI olimlari tomonidan yaratilgan kungaboqarning “KK-1”, “KK-60”, “KK-28”, “KK-52” navlari 2020-yili davlat reyestriga kiritildi. Shuningdek, kunjutning “Qarshig‘a” navi yaratilib Davlat nav sinash markazida sinovdan o‘tmoqda. Institut tajriba xo‘jaligida ushbu navlarning urug‘larini ko‘paytirish va yaxshilash maqsadida urug‘chilik ishlari olib borilmoqda.
YEM-XASHAK EKINLARI SELEKSIYASI VA URUG‘CHILIGI LABORATORIYASI olimlari tomonidan 1958-yildan bedaning, makkajo‘xorining, Sudan o‘tining yangi navlari yaratila boshladi. 1976-1988-yillari bedaning “Qoraqalpoq-1”, “Qoraqalpoq-15”, “Qoraqalpoq-41”, Sudan o‘tining “Chimboy-8”, “Chimbayskaya Yubileynaya” navlari yaratilib, sinovdan o‘tgach, rayonlashtirildi. Ular Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro viloyatlari va Qozog‘iston Respublikasi viloyatlarida keng maydonlarga ekildi. 1980-1990-yillari institut tajriba xo‘jaligi bedaning “Qoraqalpoq-1”, “Qoraqalpoq-15” navlarining sifatli urug‘larini yetishtiruvchi asosiy bazaga aylandi va buyurtma bo‘yicha chet davlatlarga sifatli beda urug‘i yetishtirib berildi.
2020-yilda yem-xashak ekinlarining xorijiy navlar kolleksiyasidan 90 ta nav namunalari ekildi va ularning hududga moslashishi, hosildorligi va boshqa xususiyatlari o‘rganildi. Ko‘chatzorlarda kolleksion nav namunalarini o‘rganish asosida hududga moslashgan, kasallik va zararkunandalarga bardoshli, serhosil Sudan o‘tining 8 ta, Afrika tarig‘ining 10 ta va jo‘horining 9 ta navlaridan yakka tanlash uslubida superelita urug‘liklari tayyorlandi.
BOG‘DORCHILIK VA SABZAVOT-POLIZ EKINLARI LABORATORIYASI olimlarining ko‘p yillik ilmiy ishlari natijasida institut nokning “Chimboy-5”, “Chimboy qantli”, qovunning vitaminli “zamcha”, “qariqiz”, “sariq gulyabi” navlari yaratilib, ishlab chiqarishga joriy etildi va asosiy navlar sifatida ekib kelinmoqda. Shuningdek, qovunning 30 ga yaqin mahalliy navlari qayta tiklandi. Olmaning 40 dan, nokning 30 dan ortiq navlari o‘rganilib, Qoraqalpog‘iston sharoitida ekishni kengaytirish maqsadida tavsiyalar berildi.
TUPROQ UNUMDORLIGI VA ALMASHLAB EKISH LABORATORIYASI olimlari tomonidan olib borilgan amaliy va innovatsion amaliy loyihalari asosida, hududning tuproq unumdorligini saqlash va oshirishga qaratilgan yangi zamonaviy qisqa rotatsiyali almashlab ekish tizimi, mineral o‘g‘itlar taqchilligining oldini olish maqsadida noanʼanaviy maʼdanli mikroelementlari mavjud bo‘lgan resurslardan samarali foydalanish texnologiyalari, qishloq xo‘jaligi ekinlarini oziqlantirish va sug‘orish meʼyorlari va usullari ilmiy asosda ishlab chiqilib, ilmiy asoslangan tavsiyanoma chop etildi va fermer xo‘jaliklariga tavsiya etildi.
QISHLOQ XO‘JALIGINI MEXANIZATSIYALASHTIRISH LABORATORIYASI olimlari tomonidan 2020-yili bir nechta texnologik operatsiyalar va tadbirlarni bitta operatsiyaga birlashtiruvchi, kombinatsiyalashgan, murakkab 3 ta texnologiyaning tajriba nusxasi ishlab chiqildi va ularning agrotexnik ko‘rsatkichlarini aniqlash bo‘yicha dastlabki sinovlar o‘tkazildi. Mexanizatsiya yo‘nalishi bo‘yicha 1 ta ixtiro va 1 ta foydali model yaratilgan.
2018-2020-yillarda institutning xorijiy aloqalar bo‘yicha ishlarini yaxshilash maqsadida Qurg‘oqchil hududlarda qishloq xo‘jaligi tadqiqotlari xalqaro markazi (IKARDA) hamda Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkazda sho‘rlanish sharoitida bio dehqonchilik xalqaro markazi (IKBA-SAK) tashkilotlari, Qozog‘iston dehqonchilik va o‘simlikshunoslik ilmiy tadqiqot instituti bilan hamkorlikda ilmiy izlanishlar olib borildi.
Qishloq xo‘jaligi ekinlari sohasida mavsumda amalga oshiriladigan agrotexnik tadbirlar bo‘yicha ilmiy maqolalar va tavsiyalar “WoS” va “Scopus” bazasidagi xalqaro nashrlarda, “O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi”, “AGRO ILM”, Adro Hidro news”, “Vestnik KKOANRUz” jurnallari, xorijiy va mahalliy OAV sahifalarida nashr qilib borilmoqda.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: