Qovoq – qovoqdoshlarga mansub bir va ko‘p yillik poliz ekini. Vatani Shimoliy va Janubiy Amerika. 3 turi – yirik mevali qovoq (kartoshka qovoq), muskat qovoq (oyim qovoq), qalin (qattiq) po‘stli qovoq (oddiy qovoq) ko‘p ekiladi.
Qovoq issiqsevar, yorug‘sevar o‘simlik, nam va unumdor tuproqda yaxshi o‘sadi. Yuqori haroratga va qurg‘oqchilikka chidami past.
Ildizi o‘qildiz, uzunligi 2 m ga boradi. Poyasi yotib, ilashib o‘sadi. Barglari (turiga qarab) yirik, tukli, barg qo‘ltig‘ida jingalaklari bor. Guli 2 jinsli, yirik, sariq. hasharotlar yordamida chetdan changlanadi.
Mevasi tarkibida 15-18% quruq modda, 4-15% qand, askorbin kislota, karotin, tiamin, riboflavin, azotli birikmalar, pektin moddalar, urug‘ida 20-40% moy bor. Urug‘i va moyi tibbiyotda ateroskleroz, buyrak, podagra va boshqa kasalliklarni davolashda, gijja tushiruvchi vosita sifatida ishlatiladi. Urug‘i 9-12°С da unib chiqadi, 20-25°С da yaxshi rivojlanadi, aprel oxiri – mayning boshlarida ekiladi. Vegetatsiya davrida chopiq qilinadi, qator oralari yumshatiladi, oziqlantiriladi, sug‘oriladi. Navlariga qarab 110-140 kunda pishadi. Gektaridan 200-450 sentner hosil beradi, 1 t qovoqdan 0,8-1,2 sentner urug‘ olinadi.
Qovoqni parvarishlash texnologiyasi:
Qovoq ekini uchun eng yaxshi o‘tmishdosh ekin bu g‘alla va bedadir. Qovoq ekini karam, sabzi, makkajo‘xori va sholidan keyin ekilsa fuzarioz so‘lish kasalligiga kam chalinadi va hosildorlik oshadi. Bir dalaga qovun 1-2 yil ekilgandan keyin, u yerga 5-7 yildan so‘ng qayta ekish mumkin.
Ekish muddati: Janubiy viloyatlarda 1-10-aprel; markaziy viloyatlarda 10-20-aprel; shimoliy viloyatlarda 25-aprel-10-may.
Ekish sxemasi: (290 + 70)/2 x 90 sm. Urug‘ sarfi- 5-6 kg/ga.
Sug‘orish: Ertagi navlar 4-5 marta, o‘rtagi navlar 5-6 marta, kechpishar navlar 6-7 marta. Sug‘orish meʼyori 400-500 m3/ga.
Hozirgi kunda O‘zbekistonda qovoqning 9 navi yetishtiriladi.
Bugungi kunda yurtimizda yetishtirilayotgan qovoq mahsuloti Avstriya, Germaniya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, BAA, Rossiya, Chexiya kabi mamlakatlarga eksport qilinmoqda.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: