Joriy yilning 17-20-fevral kunlari mamlakatimizda hududida ob-havo harorati tushib, sovuq bo‘lishi haqida Gidrometeorologiya mutaxassislari ma’lumot berganidan xabaringiz bor. Yurtimizda hali havo sovimay turib, ayrim tahlilchi-blogerlar hamda ijtimoiy tarmoqlar faollari mazkur sovuq to‘lqinning piyoz narxi ko‘tarilishiga sabab bo‘lishi haqida asoslanmagan xabar tarqatishmoqda.
Jumladan, mamlakatimiz hududida kutilayotgan sovuqning agrar sohadagi barcha tarmoqlarga salbiy ta’sirining oldini olish maqsadida zarur-chora tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Shuni ham alohida aytib o‘tish kerakki, piyozning 2023-yil hosilidan aholi iste’moli uchun yetarlicha zaxira tayyorlangan va ular omborlarda mo‘tadil havo haroratida saqlanmoqda. Buning isbotini esa bozorlarimizda anchadan buyon 1 kg piyoz (hududlardan kelib chiqqan holda) 2500 so‘mdan – 3500 so‘mgacha bo‘lgan turg‘un narxlarda sotilayotganidan ham bilish mumkin.
2024-yil hosili uchun to‘qsonbosti usulida tayyorlanayotgan piyoz va sarimsoqpiyozlarga esa bu sovuq deyarli ta’sir ko‘rsatmaydi.
Avgust-sentabr va noyabr-dekabr oylarida ekilgan piyoz 2-3 marta sug‘orilgan va 25-30 sm o‘sib qishlashga kirgan, Ularning ildiz sistemasi yaxshi rivojlanganligi sababli sovuq o‘z ta’sirini ko‘rsatish ehtimoli juda past darajada bo‘ladi. Bundan tashqari to‘qsonbosti ekinlari o‘z nomi bilan qishning to‘qson kunida qor bosib turishini inobatga olgan holda shunday nomlangan.
Ma’lumot uchun: Respublika bo‘yicha 2024-yil hosili uchun barcha toifa xo‘jaliklarda avgust-sentabr oylarida 64 ming gektar, noyabr-dekabr oylarida to‘qsonbosti usulida 82,8 ming gektar maydonda piyoz ekinlari ekilgan.
To‘qsonbosti usulidagi piyoz va boshqa ekinlarni ekish, zarur agrotexnik tadbirlarini o‘tkazish hamda sovuqdan asrab qolish bo‘yicha olimlarning ilmiy tavsiyalari ishlab chiqilib, joylarga yetkazilgan.
Xulosa sifatida aytish mumkinki, piyoz narxi oshishi haqida tarqatilgan xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi axborot xizmati ommaviy axborot vositalari vakillari, blogerlar va ijtimoiy tarmoqlar faollarini tarqatilayotgan axborotning ishonchliligini tekshirish va xolis axborot taqdim etishga chorlab qoladi!
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: