Surxondaryo viloyati Sherobod tumanida O‘zbekistonda ilk bor I-chi Anor festivali bo‘lib o‘tdi. Tadbir Yevropa Ittifoqi, Jahon Banki, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi va uning huzuridagi Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligini strategik rivojlantirish va tadqiqotlar xalqaro markazi (ISCAD) ko‘magida O‘zbekiston anorchilari assotsiatsiyasi tomonidan Surxondaryo viloyati hokimligi, O‘zbekiston Yosh fermerlari kengashi ва boshqa bir qator tashkilotlar ishtirokida tashkil etildi. Festivalda anor yetishtiruvchi xo‘jaliklar rahbarlari, tadbirkorlar, anorchilikka qiziqqan insonlar, Xalqaro moliya tashkilotlari hamda Ozarbayjon, Turkiya, Koreya, Xitoy, Tojikiston, Afg‘oniston vа Eron kabi xorijiy mamlakatlar vakillaridan iborat mingga yaqin odam qatnashdi.
Festivalda “mevalar qiroli” deya nom olgan anor mevasining eng sara navlari namoyish etildi. Mehmonlar anorning ajib taʼmlarini tatib ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘lishdi. Shuningdek, O‘zbekistonda anorchilik istiqbollari haqidagi qiziqarli maʼlumotlar mutaxassislar tomonidan maʼruzalar orqali yoritib berildi. Xususan, jahon bozorida anor importi, hosil yig‘ib olingandan keyingi anor sifati ko‘rsatkichlari muammolari va yechimlari, shuningdek, O‘zbekistonda anor mahsulotini qayta ishlash va uning istiqbollari muhokama etildi.
“Sherobod anor impex” MCHJ hududida bo‘lib o‘tgan festival pavilyonlarida Surxondaryo viloyatining 14 tumani, Farg‘ona, Sirdaryo va Qashqadaryo viloyatlaridan tashrif buyurgan dehqonlar o‘z mahsulotlarini namoyish etishdi.
Tadbir kun tartibidan ko‘pgina qiziqarli tadbirlar o‘rin oldi. Ular orasida ko‘rgazma ва anor maydonlari bo‘ylab ekskursiyalar, degustatsiya jarayonlari, anorni qayta ishlash korxonasiga sayohat, seminarlar hamda tanlovlar ва sovrinli o‘yinlar bor edi.
Festival so‘nggida “Eng mazali anor navi”, “Eng katta anor”, “Eng mazali anor sharbati”, “Eng chiroyli tozalangan anor” nominatsiyalari bo‘yicha g‘oliblar taqdirlandi.
Boshqa davlatlarda o‘tkaziladigan Anor festivallari
Anor bayrami – “Nar bayrami” Ozarbayjonda anor terimi kuni 2006-yildan beri har yili nishonlanadi. U 2020-yilda YUNESKOning Insoniyat nomoddiy madaniy merosi deb eʼlon qilingan va ommaviy axborot vositalarida keng ko‘lamda yoritiladi.
“Anor, meva va yong‘oq festivali – Madeyra” 2010-yildan beri o‘tkazilib kelinadi. U o‘zida seminarlar va gastronomiya bayramini mujassam etadi. Ko‘p sonli homiylar tomonidan qo‘llab quvvatlanadi.
AQSHdagi Arizona shtatida anor festivali agrar institutlardan spikerlarni jalb qiladi, seleksiya yutuqlarini namoyish etadi.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: