Joriy yilning 4-yanvar kuni Qishloq xoʻjaligi vaziri Aziz Voitov va vazirlik mutasaddi rahbarlari, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Qishloq xoʻjaligida xizmatlar koʻrsatish agentligi, Akademik M.Mirzayev nomidagi bogʻdorchilik uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti, Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish va vinochilikni rivojlantirish agentligi hamda 10 dan ortiq yirik vinochilik korxonasi ishtirokida uzumchilik va vinochilikni rivojlantirish masalalalari boʻyicha uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Uchrashuvda sohadagi mavjud muammolar (koʻchatchilik, kadrlar masalasi, kredit, eksport va investitsiya) va ularning yechimi boʻyicha takliflar muhokama qilindi.
Maʼlumotlarga koʻra, bugungi kunda respublikada tokzorlar maydoni 1,7 barobarga oshgan (yaʼni, 82,5 ming gektardan 142,4 ming gektarga), shundan 53,1 ming gektar xoʻraki, 62,9 ming gektar kishmishbop va 26,4 ming gektar sanoatbop tokzorlar barpo etilgan.
Joriy yilda sanoat yoʻnalishida umumiy qiymati 124,7 mln dollarlik, jumladan, 70,6 mln dollarlik toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar oʻzlashtirildi, shuningdek, 40 ta yangi loyiha ishga tushirildi.
Uzumchilik va sanoat loyihalarini amalga oshirilishi natijasida 38 mingdan ziyod ish oʻrinlari yaratildi.
Eksport hajmlari jami 300 mln dollarga yetkazildi, shundan vinochilik sanoati mahsulotlari hajmi 31 mln dollarni tashkil etdi. Eksport geografiyasi 30 ta davlatni qamrab oldi va yangi bozorlar 6 taga koʻpaydi (Estoniya, Litva, Latviya, Moʻgʻiliston, Koreya va Yaponiya).
Uchrashuvda, shuningdek, sohada yuqori natijalar qayd etilgan boʻlsa-da, mavjud imkoniyatlar toʻliq ishga solinmaganligi,kelajakda amalga oshiriladigan barcha loyihalar uzumchilik va vinochilik sohasida samaradorlikni oshirishda ilmiy, innovatsion yondashuv orqali amalga oshilishi lozimligi takidlandi.
Tadbirda uzumchilik va vinochilikni rivojlantirish boʻyicha tegishli soha vakillari bilan chora-tadbirlar ishlab chiqishga kelishildi.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: