(Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar uchun)
Respublikada joriy yil aprel va may oylarining har yilgidan ko‘ra seryog‘in va haroratni salqin kelishi, surunkali yog‘ingarchiliklar va ayrim joylarda jala yog‘ishi chigit ekilgan maydonlarda to‘liq nihol olish va unib chiqqan maydonlarda g‘o‘zaning o‘sishi va rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Hududlarda bo‘lib o‘tayotgan surunkali yog‘ingarchiliklar g‘o‘za maydonlarida tuproqda ortiqcha namlikni ko‘payishiga olib kelmoqda.
Bu esa tuproq haroratini pasayishi, chigit unib chiqayotgan maydonlarda tuproqning yuza qismi zichlashib, “qatqaloq” hosil bo‘lishiga, g‘o‘zani bo‘g‘zi qotib “devor” hosil bo‘lishi, dalalarni kuchli begona o‘t bosishi sababli o‘simlik ildiz tizimining rivojlanmasligi oqibatida berilgan mineral o‘g‘itlarning samarasi kamayishiga sabab bo‘lmoqda.
Natijada g‘o‘za nihollari nimjon va ayrim joylarda nobud bo‘lishi hamda g‘o‘zaning bargi belgilangan me’yorlardan 2-3 barobar kichik bo‘lib qolishi kuzatilmoqda.
Xususan, tuproqda namlikni oshishi hamda havo haroratini pasayib ketishi g‘o‘zaning kuzgi tunlam, shira, trips, oqqanot zararkunandalari va gommoz, ildiz chirish kabi kasalliklarni ko‘payishi uchun qulay sharoit yaratib, nihollarning rivojiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Bu esa g‘o‘za maydonlarida rivojlanayotgan g‘o‘za nihollarini o‘sishini 10-15 kungacha kechiktirmoqda.
Joriy yildagi mavjud holatdan kelib chiqib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda g‘o‘zani parvarishlashda quyidagi kompleks agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish talab etiladi:
Birinchidan, hududlarning turli darajada sho‘rlangan va mexanik tarkibi o‘rta va og‘ir tuproqlarida ildiz chirish va gommoz kasalliklarini oldini olish va tuproqdagi ortiqcha namni kamaytirish, o‘simlikning ildiz qismiga havo va issiqlik kirishini ta’minlash uchun zudlik bilan g‘o‘za qator orasiga sifatli ishlov berishni tashkil etish zarur.
Bunda, 60 sm qator oralig‘ida kultivatorlarga 31-33 ta, 76 sm va 90 sm qator oraliqlarida 37-39 ta va qo‘shqatorda 41-42 ta ishchi organ o‘rnatilishi lozim.
Kultivatorlarga ishchi organlar to‘liq o‘rnatilganda nihollarning ildizi tomon har ikkala yon tomondan tuproq orasiga issiq havo kirishi yaxshilanadi.
Shuningdek, tuproqning suv-fizik, mikrobiologik xususiyatlari, havo almashinuvi va oziqa tartibi yaxshilanadi, begona o‘tlarning asosiy qismi yo‘qotiladi g‘o‘zaning ildiz tizimi pastga qarab rivojlanadi va nihollar durkun o‘sadi.
Bu yilgi sharoitda qator oralariga tuproqni qizdirish va ortiqcha namlikni yo‘qotish uchun begona o‘t keng tarqalgan maydonlarda kultivatorga pichoqlar o‘rnatilishi, qolgan maydonlarda KKO, naralnik tipidagi yumshatuvchi va chuqur ishlov beruvchi g‘ozpanjalar o‘rnatib ishlatish tavsiya etiladi.
Ikkinchidan, g‘o‘zada 1-2 chinbarg hosil bo‘lganda yaganalash va maqbul ko‘chat qalinligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratish lozim.
Joriy yilda g‘o‘zaning tezpisharligini ta’minlash maqsadida, yaganalashda 15-20 % ko‘proq miqdorda ko‘chat qoldirish maqsadga muvofiq.
Bunda, g‘o‘za 60 sm qator oralig‘ida ekilgan maydonlarda unumdor tuproqlarda gektariga 90-100 ming, o‘rtacha unumdor tuproqlarda 110-120 ming, unumdorligi past tuproqlarda 130-140 ming tup, 90 sm qator oralig‘ida mos ravishda 100-110 ming, 120-130 ming, 140-150 ming tup, 76 sm qator oralig‘ida mos ravishda 100-110 ming, 110-120 ming, 120-130 ming tup, qo‘shqator ekilgan maydonlarda esa 140-160 ming tupdan kam bo‘lmasligini ta’minlash, xorijiy navlar ekilgan maydonlarda esa 160-180 ming, 180-200 ming va 200-220 ming tup qoldirilishi tavsiya etiladi.
Uchinchidan, chigit kech ekilib, nihollar unib chiqayotgan dalalar hamda qatqaloq hosil bo‘lgan maydonlarda qatqaloqni bartaraf etish va tuproqning ustki qatlamini mayin donador holda saqlash uchun rotatsion motigalar va turli moslamalar bilan qatqaloqni zudlik bilan yumshatish lozim. Aks holda qatqaloq qalinlashib, zichlashganda nihollar unib chiqmaydi, dalada siyrak ko‘chat olinadi va hosildorlikka putur yetkazadi.
To‘rtinchidan, begona o‘tlarga qarshi kurashda agrotexnik, kimyoviy va mexanik usullardan keng foydalanib, ularni g‘o‘zaga jiddiy zarar yetkazishini oldini olish, bunda kultivatorga pichoq o‘rnatish va ishchi organlarni to‘liq va sifatli joylashtirish, qo‘lda mayin chopiq ishlarini tashkil etish, bir pallali begona o‘tlar (g‘umay, qamish, kurmak, shamak, ajriq va boshqalar)ga qarshi Zellek super (1,5-2 l/ga), Klidomit (1,5-2 l/ga), Selekt (1,0-1,5 l/ga) va shu kabi gerbitsidlarni qo‘llash yaxshi samara beradi.
Beshinchidan, yosh g‘o‘za nihollariga seryog‘in va salqin ob-havo sharoitida biostimulyatorlar bilan ishlov berish natijasida o‘sishi va rivojlanishi tezlashadi, shona, gul kabi hosil elementlari to‘plashiga ijobiy ta’sir etadi, tabiiy noqulayliklarga bardoshliligi oshadi.
G‘o‘za 2-4 chinbarg davrida rivojlanayotgan dalalarda azotli (karbamid) o‘g‘it yordamida bargidan oziqlantirish tadbirlarini tashkil etish (4,0-5,0 kg karbamid), tarkibida turli makro va mikroelementlar bo‘lgan biostimulyatorlar bilan ishlov berish, o‘simlikning ildiz tizimi kuchli rivojlanishiga, kasalliklarga bardoshligi ortishiga, nihollarning bo‘yiga o‘sishi va rivojlanish davrlari jadallashishiga olib keladi. Bunda “Uzbiogumin” (0,4-0,5 l/ga), “Immunoaktiv” (30 ml/ga), “Fitovak” (200 ml/ga), “Bioduks” (2,0-3,0 ml/ga), Organit N (1,0 l/ga), Organit P (1,0 l/ga), “Geogumat” (1,6 l/ga), “Mers” (0,3 l/ga), “Lebozol Magfos” (4,0 l/ga), “Aminozol” (1,0-2,0 l/ga), “Lebozol Kvadro Miks S” (1,5 l/ga), “Hosildor” (0,4 l/ga), “Naykl” (1,0 l/ga) me’yorlarda qo‘llanilib, 250-300 litr suvga aralashtiriladi va ishchi eritma holida o‘simlikka sepiladi.
G‘o‘za shonalash davrida rivojlanayotgan dalalarda esa ”Uzbiogumin” (0,5-1,0 l/ga), “Fitovak” (400 ml/ga), “Geogumat” (1,6 l/ga), “Naykl” (2,0 l/ga), “Mers” (0,5 l/ga), “Lebozol kaliy-450” (2,0-5,0 l/ga), “Lebozol MagS SK” (3,0 l/ga), “Hosildor” (0,6 l/ga), “Foral BMO” (1,0 l/ga), “Ekosil” (1,0 l/ga), “Karbamid” o‘g‘itidan (7,0-8,0 kg/ga) me’yorlarda sepiladi. Bunda g‘o‘zaning o‘sishi va rivojlanishiga ijobiy ta’siri yanada ortadi, shonalar va gullar soni keskin oshadi.
Oltinchidan, yog‘ingarchiliklar natijasida tuproqda yuqori miqdorda namlik yuzaga kelganligini inobatga olib, ildiz tizimini yaxshi rivojlanishini ta’minlash uchun birinchi va ikkinchi kultivatsiya orasida maxsus moslamalar yordamida chuqur yumshatish ishlarini 2 marta o‘tkazish kerak.
Bunda birinchi martada mexanik tarkibi yengil va o‘rta tuproqlarda 22-25 sm, mexanik tarkibi og‘ir tuproqlarda 26-28 sm, pastki qattiq gips (ganch) qatlami bo‘lgan yerlarda 30-35 sm yumshatish, o‘simlikni o‘sishi va rivojlanishi yaxshilaydi. 2-marta chuqur yumshatish ishlarini ikkinchi va uchinchi kultivatsiyalar orasida o‘tkaziladi.
Bunda, qator orasi 60 sm va qo‘shqator (60-30) ekilgan g‘o‘za qator orasi 30-35 sm, 76 sm sxemada ekilganda 35-38 sm, 90 sm sxemada ekilganda 40-42 sm chuqurlikda ishlov berish lozim. Chuqur yumshatish ishlarini faqat kichik g‘ozpanja o‘rnatilgan moslamada amalga oshirish kerak.
Xususan, sizot suvlari yaqin joylashgan tumanlarda tuproqda ortiqcha (achchiq) zax mavjud yerlarda tez-tez va chuqur kultivatsiya qilish, ildiz chirish, gommoz kasalliklari va sho‘rning ko‘chatga ta’sirini kamaytiradi.
Qator oralaridagi tuproqning namini tezda qochirish maqsadida chizel kultivatorning yumshatuvchi panjalari o‘rnatilgan alohida qurilmalardan foydalanish maqsadga muvofiq.
Yettinchidan, surunkali yog‘ingarchilik va past harorat natijasida o‘sishdan to‘xtab, qizilpoya bo‘lib qolgan g‘o‘zaning bo‘g‘ziga issiq tuproq tortish va havo almashinuvini yaxshilash maqsadida jo‘yak olish va buni bir haftadan keyin buzib, yana qayta jo‘yak olishni amalga oshirish lozim.
Bunda o‘simlik qo‘shimcha 2-3 daraja foydali haroratni ko‘p olib, o‘sishi va rivojlanishi 7-8 kunga tezlashadi.
Sakkizinchidan, g‘o‘za nihollarini jadal rivojlantirishning yana bir asosiy omili mineral o‘g‘itlar bilan oziqlantirish hisoblanadi.
Shu bois joriy yilda g‘o‘zani o‘sishi va rivojlanishi turlicha bo‘layotganligini hisobga olib mineral o‘g‘itlar bilan oziqlantirish ishlarini tabaqalashtirilgan holda olib borish tavsiya etiladi.
Bunda:
– g‘o‘za 3-4 chinbarg chiqargan maydonlarda azotli o‘g‘itlarni yillik me’yorini 25-30 %, kaliyli o‘g‘itlarni 15-20 % va fosforli o‘g‘itlarni 20-25 % me’yorida;
– g‘o‘za 5-6 chin barg chiqargan maydonlarda azotli o‘g‘itlarni yillik me’yorini 30-35 %, kaliyli o‘g‘itlarni 20-25 % va fosforli o‘g‘itlarni 25-30 % me’yorida;
– g‘o‘zani shonalash fazasida rivojlanayotgan maydonlarda esa azotli o‘g‘itlarni yillik me’yorini qolgan 35-45 %, kaliyli o‘g‘itlarni 55-65 % va fosforli o‘g‘itlarni 45-55 % me’yorida qo‘llash tavsiya etiladi.
Qo‘shqatorda parvarishlanayotgan maydonlarda mineral o‘g‘itlar me’yori 15-20 % qo‘shimcha qo‘llaniladi.
Xususan, fosforli va kaliyli o‘g‘itlar ma’lum sabab bilan chigit ekishgacha berilmagan g‘o‘za maydonlariga birinchi oziqlantirishda (3-4 chinbargda) kaliyli o‘g‘itlarni yillik me’yorini 100 %, ikkinchi oziqlantirishda (shonalashda) fosforli o‘g‘itlarni 100 % berish lozim.
Oziqlantirilgan maydonlarni tuproq mexanik tarkibidan kelib chiqib, 600-700 m3/ga me’yorda qator oralatib yengil sug‘orish tavsiya etiladi.
To‘qqizinchidan, tuproqda namlik ko‘p sharoitda va sizot suvlari yaqin yerlarda g‘o‘za hosilga kirmay g‘ovlab, bo‘g‘in oraliqlari uzayib ketishi mumkin. G‘o‘zaning tuproqdan o‘zlashtirgan oziqa moddalari pastki yarusdagi va yangi hosil bo‘layotgan shonalarga yetishmay, faqat bo‘yiga o‘sishiga olib keladi. G‘o‘zani g‘ovlashining oldini olish, bo‘yiga o‘sishini sekinlatish, hosil elementlari sonini ko‘paytirish, suv va mineral o‘g‘itlardan samarali foydalanish uchun retardantlardan foydalanish, bunda tarkibi mepikvat xlorid bo‘lgan Entojean, Sojean, Super star, Ximjean, Mepikvat xlorid va boshqa preparatlarni qo‘llash tavsiya etiladi.
G‘o‘zaning 6-8 chin barg va shonalash davrida bo‘yi 15-20 sm bo‘lganda yuqoridagi dorilar 10-15 g/ga, gullash davri boshida o‘simlik bo‘yi 40-50 sm bo‘lganda 30-40 g/ga sepilsa, bo‘yiga o‘sib g‘ovlamaydi, shona va gullar soni ortadi, g‘uj-g‘uj hosilga kiradi. G‘o‘zaning hosil tugish davrida 11-12 hosil shoxi paydo bo‘lganda esa 60-80 g/ga me’yorda qo‘llaniladi, natijada g‘o‘za bo‘yiga va yoniga o‘sishdan to‘xtaydi, hosil elementlari to‘kilishi 10-20 % kamayadi, bo‘g‘in oraliqlari qisqarib, ko‘saklar soni 3-5 donaga ortadi, ochilishi 15-20 % tezlashadi.
O‘ninchidan, havoni seryog‘in kelishi shira va trips kabi so‘ruvchi hasharotlarning rivojlanishi uchun qulay sharoit hisoblanadi. Shu sababli shira soni ko‘paygan maydonlarga kimyoviy ishlov berish lozim. Bunda, mikrobiologik preparatlardan Bioslip BV, Bioslip BT yoki tarkibida atsetamiprid, imidakloprid, tiametoksam bo‘lgan kimyoviy preparatlardan qo‘llash tavsiya etiladi.
Biologik preparatlar bilan ishlov berilgan maydonlarda 5-6 kundan keyin dalada 1000 dona oltinko‘z chiqarish lozim.
Bundan tashqari, g‘o‘za nihollarini shira, trips, o‘rgimchak kanadan himoya qilish maqsadida biolaboratoriyalardagi mavjud barcha oltinko‘zlarni gektariga 500-1000 dona hisobida 3 marta chiqarish zarur.
Kuzgi tunlamga qarshi kurash uchun har 2-3 gektar maydonga bir dona feromon tutqich o‘rnatiladi. Kuzgi tunlam kapalagi feromon tutqichda 2 dona tushgan dalaga belgilangan tartibda har 3-4 kunda trixogrammani 1 grammdan chiqarish lozim.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: