Sholi – Boshoqdoshlarga mansub bir va ko‘p yillik o‘simlik turkumi, don ekini. Sholikorlikning eng qadimiy makonlari Hindiston va Xitoy.
Sholining mevasi po‘st (parda)li don; doni uzun, ensiz yoki dumaloq enli. Sholi bahorgi issiqsevar va yorug‘sevar qisqa kun o‘simligi, urug‘i tuproq harorati 10-12 °C bo‘lganda unib chiqadi, 22-27°C da yaxshi rivojlanadi. Vegetatsiya davri 120-130 (O‘zbekistonda 100-145) kun, sholi sug‘orib o‘stiriladi. Doni (guruchi) oq, qizil, qora rangda, to‘yimli, tarkibida 76,1% kraxmal, 17-24% amilaza, oqsil, qand, dekstrin, yog‘, vitaminlar bor. Donidan guruch, un, kraxmal, moy, spirt, pivo, turli ovqatlar tayyorlanadi. Poxolidan sifatli qog‘oz, karton, arqon, to‘qilgan buyumlar, savat, shlyapa va boshqalar tayyorlanadi.
O‘zbekistonda sholi ekishning quyidagi usullari bor: qo‘lda ekish, ko‘chatlarni va guruchni mexanizatsiyalashgan usulda ekish, suvga botirib ekish usullari. Joriy yildan suvni tejash maqsadida guruchni ko‘chatlab ekish usuli qo‘llanila boshlandi. Bu usulda sholi ko‘chatini kichik maydonlarda yetishtirish hisobiga yillik suv meʼyorining katta qismi iqtisod qilinadi. Bunda sholi ekiladigan joylarning iqlim sharoitidan unumli foydalanish hamda o‘rim-yig‘imni erta muddatlarda o‘tkazish imkoniyati yaratiladi. Qolaversa, har bir gektar yerdan unumli foydalanish natijasida 2 marotaba hosil yetishtirish mumkin.
Hozirgi kunda O‘zbekistonda sholining 19 navi yetishtiriladi, bular: Avangard, Alanga, Gulzar, Guliston, Guljaxon, Jayxun, Ilg‘or, Istiqbol, Istiqlol, Iskandar, Lazurniy, Mustaqillik, Nukus 2, Nukus 70, Sanam, Sitora,Tantana, Tarona, Uz ROS 7-13.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: