Qishloq xo‘jaligi va boshqa ekinlarning urug‘larini yetishtirish, tayyorlash, qayta ishlash, saqlash va sotish, shuningdek, nav va urug‘lik nazorati oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashning muhim omili hisoblanadi.
Jumladan, Andijon viloyatida ham urug‘chilikni rivojlantirish, urug‘lik tayyorlash, ekin ko‘chatlarini yetishtirish borasida katta tajriba yaratilgan. Aksariyat aholi kaftdek yerdan to‘rt faslda ham yaxshi daromad olmoqda.
Xususan, “Andijon paxta urug‘chiligi” MCHJ ham viloyat qishloq xo‘jaligi tarmoqlarini bugungi kun talabi va ehtiyoji asosida rivojlantirish, ilmiy g‘oya va texnologiyalarni amaliyotga keng joriy etish maqsadida turli nav urug‘larni yetishtirish, tayyorlash, qayta ishlash, saqlashga ixtisoslashgan korxonalardan biri.
Umumiy loyiha qiymati 30 milliardni tashkil etadigan qariyb 4 gektar maydonni egallagan mazkur korxona to‘liq ishga tushgach, paxtani qayta ishlash bilan bir qatorda bug‘doy va g‘alla mahsulotlarini qayta ishlash va saralash, shuningdek, urug‘lik mahsulotlarini yetkazib berish bilan shug‘ullanadi.
Qolaversa, bu yerda qog‘oz qop ham ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Rossiyadan keltiriladigan mazkur texnologiya mahsulotni qadoqlash, oziq-ovqat do‘konlariga mahsulot qadog‘i, shuningdek, qurilish materiallari uchun maxsus qop tayyorlab yetkazib berish yo‘lga qo‘yiladi. Aytish kerak, bu o‘z navbatida ekologik toza mahsulot bo‘lib chiqindi sifatida tashlab yuborilganda ham yerga ozuqa moddasi sifatida singib ketadi. Aynan ushbu yo‘nalishdagi liniyalar ishga tushgach, 260 nafar xodim doimiy ish bilan ta’minlanadi.
Ayni paytda bu yerda urug‘lik chigitning sifatli tozalanishi, saralanishi va dorilanib qadoqlanishiga asosiy e’tibor qaratilib, aniqlangan kamchiliklarni vaqtida bartaraf etish choralari ham ko‘rilmoqda.
Zero, dala maydonlarida saralangan urug‘ning ekilishi – yuqori hosil olish muvaffaqiyatining asosiy kalitidir.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: