Bugun, Toshkent davlat agrar universitetida “Smart qurilmalarda montaj qilish, axborot tayyorlash va raqamli kontent yaratish texnologiyalari” mavzusida o‘quv-seminari bo‘lib o‘tdi.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi hamkorligida tashkil etilgan mazkur seminarda vazirlik tizim tashkilotlari, ilmiy-tadqiqot institutlari va oliy ta’lim muassasalari matbuot kotiblari ishtirok etdi.
Seminarni Qishloq xo‘jaligi vazirligi Kotibiyat rahbari Shamshod Ergashev kirish so‘zi bilan ochib, bugungi kunda matbuot xizmatlarining davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligi, shaffofligi va hisobdorligini ta’minlashda muhim o‘rni xususida so‘z yuritdi.
Qolaversa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bo‘lim boshlig’i Nurali Oripov so‘zga chiqib, Axborot xizmatlarining faoliyatini tubdan yaxshilash, integratsiyalashuv jarayonini yo‘lga qo‘yish hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-4366-son qarori bo‘yicha faoliyat olib borish, OAV bilan ochiqlik va shaffoflik asosida ish olib borish xususida bir qator takliflarini o‘rtoqlashdi.
Shuningdek, seminar davomida smart qurilmalari orqali sifatli va tezkor axborot yetkazish masalalari xususida taqdimot namoyish etildi. Qishloq xo‘jaligi vazirligi Matbuot kotibi Dilshod Nazirov o‘z navbatida, har bir seminar ishtirokchisi mavzuni to‘liq anglashi, axborot yetkazish va kontent yaratish, integratsiyalashuv asosida ish olib borish hamda chiqarilayotgan axborotlar yuzasidan kunlik monitoring qilishning ahamiyatli jihatlari borasida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
Seminar asosini konstruktiv muloqot tashkil etdi. Bunda eng asosiysi hozirgi holatni buzmagan holda kelgusida qilinishi lozim bo‘lgan ishlar ko‘lami belgilab olindi.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: