Surxondaryo viloyatida ishchi tashrif bilan bo‘lib turgan Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov navbatdagi manzil bo‘yicha Termiz agrotexnologiyalar va innovatsion rivojlanish instituti Qumqo‘rg‘on agrotexnologiyalar texnikumi faoliyati bilan tanishdi.
Shuni aytib o‘tish kerakki, mazkur texnikum 1967-yilda tashkil etilgan bo‘lib, 1999-yildan Qishloq xo‘jaligi kasb-hunar kolleji, 2020-yildan Qumqo‘rg‘on Agrosanoat texnikumi nomi ostida faoliyat olib bormoqda.
Umumiy maydoni 2,7 gektarni tashkil etadigan ushbu dargohda bugun, 782 nafar yoshlarga ta’lim berilmoqda.
Vazir Ibrohim Abdurahmonov Surxondaryo viloyatining qishloq xo‘jaligi tizimi uchun tayyor agronom kadrlar yetishtirib berishi lozim bo‘lgan mazkur ta’lim dargohidagi sharoitlar bilan tanisharkan, o‘quv uslubiy qo‘llanmalar va o‘quv ustaxonalar faoliyati bugungi zamon talablariga mutlaqo mos kelmasligi, bu yerda eskicha o‘qitish uslublari, shuningdek, texnikumning bu darajada eskirgan moddiy-texnik bazasi bilan agrar sohaga bilimli kadrlarni tayyorlab berish umuman imkonsiz ekanligini ta’kidladi.
Vazir shuningdek, o’rta bo’g’in kadrlarini tayyorlashga jiddiy e’tibor qaratish lozimligini aytib o’tdi. Eng asosiysi viloyatga mutaxassis kerak. Dala maydonlarida ishlaydigan, bevosita ilmni amaliyotga joriy etish vazifasini amalga oshiradigan, dala maydonlarida qo’llay oladigan o’rta bo’g’in kadrlarini tayyorlash eng muhim vazifa ekanligi qayd etildi.
Agrar soha uchun bilimli yosh agronomlar juda zarur bo‘lgan bir paytda katta maydonni egallagan ushbu ilm dargohida qishloq xo‘jaligining boshqa tarmoqlari uchun ham mutaxassislar yetishtirish uchun chora-tadbirlar ishlab chiqilmagani, qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha shu paytgacha ishlab chiqilmagani ta’kidlab o‘tildi.
Vazir o‘z navbatida texnikumda ishlab chiqarish jarayonini rivojlantirish uchun viloyat kesimida fermer va klasterlarning ehtiyojlarini o‘rganib chiqqan holda yangi o‘quv yilidan agrar soha uchun kadrlar tayyorlashda qo‘shimcha yo‘nalishlar tashkil etish bo‘yicha o‘z tavsiyalarini berdi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: