O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 28.10.2021-yildagi PQ-5269-son «Termiz agrotexnologiyalar va innovatsion rivojlanish institutini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Qaroriga muvofiq, Termiz agrotexnologiyalar va innovatsion rivojlanish instituti tashkil etildi.
Ungacha ushbu taʼlim muassasasi Toshkent davlat agrar universitetining Termiz filiali hisoblanardi va 2017-yilda tashkil etilgan edi.
Yangi hujjatga ko‘ra, institutda 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab bakalavriat taʼlim yo‘nalishlarida taʼlimning kredit-modul tizimi bosqichma-bosqich joriy etiladi;
Institutda 1 ta yangi bakalavriat taʼlim yo‘nalishi hamda 8 ta magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi. Xususan, dorivor o‘simliklar, o‘simliklar himoyasi, seleksiya va urug‘chilik, sabzavotchilik va polizchilik, sholichilik, agrokimyo, agronomiya kabi mutaxassisliklarda kadrlar tayyorlanadi.
Institutda 2022-yilda Jahon banki mablag‘lari hisobidan talabalar, magistrlar va ilmiy izlanuvchilar hamda yosh professor-o‘qituvchilarning ilmiy ishlanmalari asosida loyihalar startaplarini yaratish va amaliyotga tatbiq etish bilan shug‘ullanuvchi “IT-inkubator” ilmiy innovatsion markazi tashkil etiladi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: