Vika – dukkakdoshlar oilasiga mansub bir va ko‘p yillik o‘simliklar turkumi, yem-xashak ekini. Yevropa, Osiyoning shimoliy-sharqiy mintaqalari, Shimoliy Afrika, Janubiy Amerikada tarqalgan 150 ga yaqin turi bor. 12 turi ekiladi. Ekma Vika va tukli Vika turlari don, ko‘k o‘t, silos, senaj olish uchun ekiladi. Ekma Vika (v. sativa) bir yillik bahorgi, tukli Vika (v. villosa) kuzgi ekin. Poyasi to‘rt qirrali. Barglari patsimon murakkab.
Gullari oq, o‘zidan, baʼzan chetdan changlanadi. Mevasi (dukkaklari) yassiroq bo‘lib, 4-8 urug‘li, 100 kg pichanida 45,8 ozuqa birligi va 12,3 kg hazm bo‘ladigan protein bor. 1000 dona urug‘i vazni 400-1300 g. Urug‘i tarkibida 24-30% oqsil bor. Gektaridan 200-250 s ko‘k massa, 30-60 s pichan, 20 s don olish mumkin. Vika sug‘orilganda mo‘l hosil beradi.
Vika tuproqda juda ko‘p miqdorda azot to‘playdi, shuning uchun ko‘pgina ekinlarga yaxshi o‘tmishdosh hisoblanadi.
Hozirgi kunda O‘zbekistonda vikaning 1 navi yetishtiriladi.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: