Yurtimizda azaldan uzumchilik sohasida o‘ziga xos madaniyat, tajriba va malaka shakllanib kelgan. Gap fargʻonaliklarning voish usulida uzum yetishtirish borasidagi tajribalari haqida bormoqda. Bu tajriba qashqadaryoliklarni ham astoydil qiziqtirib qo‘ygan. Qiziqish esa, albatta, tashabbus sari yoʻl ochadi.
Qishloq joylarida voish usulida uzum yetishtirish uchun bitmas-tuganmas imkoniyatlar bor. Binobarin, yerga o‘zgacha mehr qo‘ygan qashqadaryolik Toshboy Nurboyev o‘z tomorqasida Oltiariq tajribasi asosida uzumzor tashkil qilmoqda.
Dehqon va fermerlarning yaqin ko‘makchisi bo‘lgan Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida xizmatlar ko‘rsatish agentligi mas’ullari T.Nurboyev bilan uchrashish asnosida bugun tomorqasida olib borilayotgan ishlar va uzum yetishtirish borasidagi zarur tavsiyalar bilan o‘rtoqlashdi.
Ayni kunlarda butun oila vakillari bor kuch va g‘ayratini, energiyasini uzumzorga qaratgan — peshona teri va halol mehnati bilan uzum yetishtirish va hudud aholisini sifatli mahsulot bilan ta’minlashni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan.
Albatta, har bir meva va sabzavotlarning daladan dasturxonimizgacha keladigan jarayoni dehqon hamda fermerlarimizning, qanchadan-qancha ishchi-mehnatkashlarning og‘ir va mashaqqatli mehnati samarasidir. Zero, dehqoni asl yurtning dasturxoni obod bo‘ladi.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: