Yer yong‘oq – dukkakdoshlar oilasiga mansub bir yillik o‘simlik, moyli ekin. Vatani Janubiy Amerika (Braziliya). Yer yeng‘oqning ildizi o‘qildiz, tuproqqa chuqur kirib boradi, azot to‘plovchi tuganaklar hosil qiladi. Poyasi o‘tsimon, balandligi 50-60 sm, shoxlangan, tik, yon shoxlari yer bag‘irlab o‘sadi. Har bir barg qo‘ltig‘ida gulto‘plam (shingil) joylashgan. Gullari ikki jinsli, rangi sariq, zarg‘aldoq. Yer tagidagi gullari ochilmaydi, o‘zidan changlanadi. Yer ustidagi gullari esa chetdan changlanadi. Guli changlangandan keyin tugunchasi avval tik, so‘ng pastga qarab o‘sadi, 8-10 sm chuqurlikda tuproqqa kirib boradi va meva (dukkak) tugadi. Dukkagida 2-4 tagacha urug‘i bo‘ladi. 1000 ta dona urug‘ining vazni 200-1500 g (o‘rtacha 400-500 g.) Dukkagi chatnamaydi. Bir tupda 700 gacha dukkagi bo‘ladi.
Yer yong‘oq – issiqsevar, namsevar, yorug‘sevar va qisqa kun o‘simligi. Qumoq va unumli tuproqlarga talabchan, sho‘rlangan va botqoqlangan yerlarda yaxshi o‘smaydi. Urug‘i 12-15° da unib chiqadi, maysasi -1° sovuqda nobud bo‘ladi. O‘suv davri 150-170 kun. O‘zbekistonda yer yong‘oq sug‘oriladigan yerlarga ekiladi, hosildorligi 20-40 s/ga. Mevasi tarkibida 48-66% yog‘, 23-38% oqsil va 22% gacha uglevodlar bor. Urug‘i va yog‘i qandolatchilikda ishlatiladi. Yog‘i qurimaydigan yog‘larga kiradi, sifati jihatidan zaytun yog‘iga tenglashadi. Poyasi, bargi chorva va hayvonlari uchun yaxshi oziqa. Yer yong‘oq tuproqda biologik azot to‘plab, tuproq unumdorligini oshiradi. 2-3 marta haydalib boronalangan maydonlarga bahorda (aprel oxirida) tuproq harorati 14-15° ga ko‘tarilganda ekiladi. Fosforli va azotli o‘g‘itlarga talabchan. Gektariga 70-100 kg urug‘lik sarflanadi. O‘sish davrida 4-6 marotaba sug‘oriladi. Qator oralariga ishlov beriladi, o‘suv davrida 2-3 marta chopiq qilinadi, ildiz bo‘g‘zi tuproq bilan ko‘milsa, hosildorlik ancha oshadi.
Hozirgi kunda O‘zbekistonda yer yong‘oqning 4 navi yetishtiriladi.
Bugungi kunda yurtimizda yetishtirilayotgan yer yong‘oq mahsuloti Avstriya, Ozarbayjon, Afg‘oniston, Belarus Respublikasi, Gruziya, Iroq, Eron, Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston, Latviya, Mongoliya, BAA, Pokiston, Polsha, Rossiya, Serbiya, Tojikiston, Tukmaniston va Ukraina kabi mamlakatlarga eksport qilinmoqda.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: