Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi hamda BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) tomonidan 2024-yil 5-7-fevral kunlari Navoiy viloyatining Uchquduq shahrida “Saksovulda chigirtkalarning asosiy dominant turlari, ularga qarshi kurash usullari va taktikasi” mavzusida o‘quv seminari tashkil etildi.
Unda Navoiy va Buxoro viloyatlarining soha mutaxassislari hamda Chigirtka va tut parvonasiga qarshi kurash xizmati xodimlari ishtirok etdi.
Seminarda zararli chigirtkaga qarshi kurash xizmati xodimlariga yo‘nalishdagi so‘nggi ilmiy-tadqiqotlar, foydalaniladigan preparatlarning qo‘llash tartibi, yil davomida amalga oshiriladigan mavsumiy chora-tadbirlarning ahamiyati haqida tushunchalar berildi.
Shuningdek, FAO mutaxassislari bilan tajriba tariqasida Jizzax viloyatining Forish tumanida biopreparat qo‘llash amaliyoti natijalari haqida ham ma’lumot berildi.
Seminar davomida ishtirokchilar saksovul dalalarida zararkunanda keng tarqaladigan chigirtkalarni monitoring qilish va tuxum ko‘zachalarini aniqlash mashg’ulotlarida ishtirok etishdi.
Qayd etish lozim, mazkur jarayonlar zararli chigirtkaning kelgusi yilda avlod berishi, yetkazadigan zarari miqyosini belgilashda, zarur bo‘ladigan kimyoviy vositalar zaxirasini shakllantirish va kurash choralari muddatini prognozlashtirishda muhim ahamiyatga ega.
Zararkunandalarga qarshi kurash tadbirlarini olib borishda purkagichlarni to‘g‘ri kalibrovka qilish ham muhim. Seminar doirasida har bir bosqichda amalga oshiriladigan ishlar amaliyotda ko‘rsatilib, yo‘l qo‘yiladigan asosiy kamchiliklar tahlil etildi.
Bu kabi seminarlar fevral oyi davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Surxondaryo, Qashqadaryo, Jizzax viloyatlarida ham o‘tkaziladi.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: